Dafn etilganiga to‘rt oy bo‘lgan erkak qabristonda tirik holda topildi

Bu haqda Youm 7 portali xabar berdi.
Muhammad Al-G‘ammol joriy yilning yanvar oyida bedarak yo‘qolgan edi. Uni oila a’zolari qidirsa-da, hech qanday naf bo‘lmadi. Qarindoshlarning jurnalistlarga aytishlaricha, u ruhiy kasallikdan aziyat chekkan. Oradan biroz vaqt o‘tganidan so‘ng Muhammadning oila a’zolariga kasalxonadan qo‘ng‘iroq bo‘ladi va kasalxonaga noma’lum erkakning jasadi keltirilganini ma’lum qilishadi.
Barcha oila a’zolari vafot etgan odam Muhammad Al-G‘ammol ekanligini tasdiqlaydi, marhumdan DNK tahlili ham olinadi. Biroq oiladagilar DNK tahlili natijasi chiqishini kutmasdan uni dafn etishga qaror qiladilar.
Oradan to‘rt oy o‘tib, bir guruh yosh yigitlar qabristonda kezib yurgan erkakka ko‘zi tushadi. Erkak politsiya mahkamasiga olib kelinadi va o‘sha yerda u bedarak yo‘qolgan Al-G‘ammol ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Erkak shu vaqtgacha qayerda bo‘lganligi hozircha noma’lum.