Daniya Grenlandiya mudofaasi uchun xarajatlarni oshirdi, Trampning tahdidlaridan so‘ng shu qarorga kelingan — OAV

Oldinroq Donald Tramp AQSh Grenlandiyani sotib olishi kerakligini aytgan va hatto buni zarurat deb hisoblashini bildirgandi. Unga javoban Daniya hukumati qisqa qilib "orol sotilmasligi"ni aytgan.

Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davrida ham Grenlandiyani sotib olish taklifini ilgari surgan, ammo Daniya bunga ochiqchasiga rad javobini bergan.

Bu Trampning boshqa davlatlarga nisbatan birinchi hududiy da’vosi emas. AQShning saylangan prezidenti avvalroq Panama kanalini qaytarib olish bilan tahdid qilgan edi. Shuningdek, Kanada va Meksika AQShning shtatlariga aylanishi kerakligini ham aytgandi.

Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsenning ma’lum qilishicha, mamlakat hukumati orol mudaffasi uchun kamida 1,5 milliard dollar ajratadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘lar ikki yangi inspeksiya kemasi, uzoq masofali uchuvchisiz uchish apparatlari va Grenlandiyadagi bir fuqarolik aeroportini F-35 qiruvchi samolyotlarini qabul qilish uchun modernizatsiya qilishga sarflanadi.