Daniyada ipoteka kreditini 20 yilga foizsiz olish mumkin
Daniyada ipoteka stavkalari tarixdagi eng past darajaga tushdi. Mamlakat tarixida birinchi marta mahalliy bank 0 foizli ipoteka kreditini 20 yilga taklif qilmoqda. Boshqa bir kreditor 10 yillik kreditlar uchun manfiy stavka belgiladi – ya’ni qarzdorlardan foiz olish o‘rniga ularga pul to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu hamda Minbar xabar bermoqda.
Bloomberg agentligining yozishicha, Daniyadagi Nordea Bank Abp 20 yilga nul foizli ipoteka krediti berishini e’lon qilgan. Agentlikning qayd etishicha, bu mamlakat banklari tarixidagi birinchi shunday hodisadir.
Bungacha, avgust oyining boshida Daniyadagi eng yirik ipoteka kreditori bo‘lgan Realkredit Danmark 30 yilga yillik 0,5 foizlik ipoteka krediti berishni yo‘lga qo‘yayotganini ma’lum qilgan edi. O‘tayotgan haftada esa Daniyadagi eng katta uchta bankning biri bo‘lgan Jyske Bank tez orada manfiy stavkada (yillik -0,5 foiz) 10 yilga ipoteka krediti bera boshlashini e’lon qildi, ya’ni bank bergan ipoteka krediti bo‘yicha mijozdan foiz olish o‘rniga unga foiz to‘laydi.
Daniya markaziy bankining kredit stavkasi 2015 yil yanvardan beri 0,05 foiz bo‘lib turibdi.
«Ipoteka krediti bo‘yicha Daniya tarixidagi eng past stavkalar bizda. Tarixda bunaqasi bo‘lmagan», – dedi «Realkredit Danmark»ning bosh iqtisodchisi Kristin Xiligsoy Xeynig The Copenhagen Post gazetasiga. «Bu ipoteka tarixidagi yangi sahifadir. Bir necha oy oldin biz bunday bo‘lishi mumkin emas degan bo‘lardik, lekin vaziyat bizni hayron qoldirayapti», – dedi Jyske Bank iqtisodchisi Mikkel Xeg.
«Pul qarz olish hech qachon arzonga tushmagan. Biz bu choramiz uy narxi oshishiga yordam beradi deb umid qilayapmiz», – dedi Bloomberg agentligiga Nordea bankining katta tahlilchisi Lise Nyutoft Bergmann. Uning aytishicha, stavkalarning tushirilishi uy sotib oluvchilar uchun yaxshi yangilikdir.
Shu bilan birga u bozordagi ahvolni «deyarli dahshatli» deb atadi. «30 yilga qarz beradigan va evaziga atigi yarim foiz haq oladigan investorlar borligi odamni taajjublantiradi», – deydi Bergmann.
Daniya – dunyodagi eng katta ipoteka obligatsiyalari bozori mavjud mamlakat. Bloomberg yozishicha, bu obligatsiyalar dunyodagi eng ishonchli hujjatlardan biri hisoblanadi – hatto qirollik o‘z majburiyatlari bo‘yicha defolt e’lon qilgan Napoleon urushlari vaqtida ham ipoteka obligatsiyalari bozori jiddiy to‘xtalishlarsiz faoliyat ko‘rsatishda davom etgan. Ipoteka krediti bo‘yicha foiz stavkasi investor oladigan kupon qiymatiga teng.
Bergmanning so‘zlariga ko‘ra past va manfiy stavkalar investorlar moliya bozoridagi vaziyatdan xavotirlanayotganidan darak beradi. «Ular vaziyat o‘nglanguncha ko‘p vaqt o‘tadi deb o‘ylashmoqda», – deydi tahlilchi.
Xeynig «The Local»ga hozirgi stavkalar jahon iqtisodiyotidagi vaziyatni aks ettirishini aytdi. «Asosiy sabab jahon iqtisodiyoti o‘sishi bilan bog‘liq noaniqliq, shuningdek AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushining qaytalanishi bilan bog‘liq mavhumlikdir», – dedi u.
Xeynigning tan olishicha, uzoq kelajakda past foiz stavkalari uy bozorida pufak paydo bo‘lishiga olib kelish xavfi bor. Ammo hozircha buning alomatlari yo‘q.
Vaziyatga boshqa tomondan qaraganda banklar hozir aksariyat omonatlar bo‘yicha foiz to‘lamayapti. Markaziy bankning depozitlar bo‘yicha foiz stavkasi -0,65 foizga teng. Daniya markaziy bankining ma’lum qilishicha, mamlakat aholisi banklarda 921 mlrd kron ($139 mlrd) pulini saqlamoqda, bu pullarning deyarli 55 foizi nul foizli omonatlarga qo‘yilgan.