Dastur ijrosi nega paysalga solinmoqda?

Viloyat hokimligida videoselektor tarzida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturi ijrosi bo‘yicha viloyatda belgilangan mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Viloyat hokimi E.Turdimov dasturda belgilangan ishlar nomigagina olib borilayotganligini ta’kidlab, suv inshootlari va tarmoqlari tortishga hanuzgacha kirishilmaganligi yuzasidan mas’ullarga e’tiroz bildirdi.
Viloyatda joriy yilda ichimlik suvi va oqova suv ta’minoti bo‘yicha 130,8 milliard so‘m mablag‘ evaziga 70 ta suv inshooti va 504,8 kilometr suv va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan. Shundan «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturi doirasida 39,7 milliard so‘m mablag‘ evaziga 35 ta ob’yektda 34 ta inshoot va 212 kilometr tarmoqlarni qurish rejalashtirilgan.
Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun «O‘zbekkommunalloyihaqurilish» DUK bosh loyihachi, «Sayin suv inshootlari» MChJ bosh pudratchi etib belgilangan bo‘lib, haligacha qurilish ishlari boshlangani yo‘q. Bosh pudratchi va quruvchi tashkilotlar o‘rtasida shartnoma tuzilmagan.
Shuningdek, yig‘ilishda loyiha hujjatlari tayyor bo‘lishi bilan qurilish boshlanishi belgilangan bo‘lsa-da, «O‘zbekkommunalloyihaqurilish» davlat unitar korxonasi tomonidan 15 ta, «Omad ishonch kelajak» MChJ tomonidan 20 ta ob’yektni loyihalash ishlari yakunlanmagan. Shu paytgacha qilingan ishlar ham sifatsiz bajarilgan.
- Mazkur dasturlar bo‘yicha joriy yilning aprel oyida buyurtma olganmiz, - deydi “O‘zkommunalloyihaqurilish” DUK janubiy filiali muhandisi Abdurasul Salohiddinov. – Lekin qurilish ishlarini boshlay olganimiz yo‘q. Chunki ish boshlashdan oldin har bir metr hududni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishimiz kerak bo‘ladi. Buning uchun esa vaqt zarur.
Ayni paytda suv inshootlarini qurish bo‘yicha buyurtmachi korxonada ham, bosh pudratchida ham aniq ma’lumotlar mavjud emas. Lekin aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha hech qanday ish amalga oshirilmayotganligi qayd etildi.
Viloyat hokimi ishga mas’uliyatsizlik bilan qaragan korxona va tashkilotlar rahbarlarini jiddiy ogohlantirdi.