Dasturxonimizdagi tuzlamalar yaroqlilik muddatiga qarang

Ularni oila a’zolarimiz, farzandlarimiz bilan tanovul qilamiz. Ammo barchamiz ham ularni qanday tayyorlash va saqlash lozimligi haqida to‘liq ma’lumotga ega emasmiz. Shu sabab ba’zida ushbu mahsulotlarni iste’mol qilish turli oshqozon-ichak kasalliklariga olib keladi. Ayniqsa, ovqatdan zaharlanish, ya’ni botulizm kasalligiga chalinish holatlari ko‘p uchramoqda. 

Xo‘sh, botulizm o‘zi qanday kasallik? U qanday oqibatlarga olib keladi? Unga chalinmaslik uchun nimalarga rioya qilish kerak? 

Kasallik asosan, uy sharoitida tayyorlangan dudlangan baliq, go‘sht, marinadlangan bodring, pomidor, qalampir, qo‘ziqorin konservalari, baqlajon ikrasi kabi mahsulotlarni iste’mol qilish natijasida kelib chiqadi. Zararlangan konservalarning tashqi ko‘rinishi va ta’mida deyarli o‘zgarish kuzatilmaydi. Ayrim holatlarda shisha idishning tunuka qopqog‘i ko‘tarilib, shishadi, xolos.

Kasallikning belgilari to‘satdan holsizlanish, bosh og‘rig‘i, og‘iz qurishi bilan boshlanadi. Ba’zida ko‘ngil aynib, qayt qilish, bosh aylanishi va ich ketishi kabi belgilar kuzatiladi. Mikroblar miyada va ichak shirasi ta’sirida o‘z kuchini yo‘qotmaydi, qonga so‘rilib, inson organizmini zaharlaydi. 

Agar shunday belgilar namoyon bo‘lsa, o‘z bilganicha davolamasdan shifokorga murojaat qilish kerak. Aks holda, yurak, qon-tomir va nafas tizimi xastaliklari yuzaga kelishi oqibatida bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

Viloyatimizda joriy yilning o‘tgan davrida 5 marta ovqatdan zaharlanish holati qayd qilinib, 67 fuqaro jabr ko‘rgan. Jumladan, Payariq va Qo‘shrabot tumanlarida 2 nafardan fuqaro sifatsiz tayyorlangan tuzlamadan kasallikka chalingan. Paxtachi tumanidagi Sultonobod dehqon bozorida sotilgan baliqdan 17 nafar, Kattaqo‘rg‘on tumanida uy sharoitida tayyorlangan tuxumbarak taomidan 11 nafar, shuningdek, Ishtixon tumanida to‘y dasturxoniga qo‘yilgan tovuq go‘shti 35 nafar mehmonning toksik zaharlanishiga sabab bo‘lgan. 

Demak, mazkur hududlarda ovqatdan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan. 

Xullas, xonadon sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarining sifatiga hech kim kafolat bera olmaydi. Ayniqsa, bozorlar, ko‘cha-ko‘ylarda hamda noqonuniy savdo rastalarida sifat sertifikati va yorliqlariga ega bo‘lmagan iste’mol uchun yaroqsiz mahsulotlarni xarid qilmasligimiz kerak. Demak, bayram dasturxonini bezatish uchun olayotgan har bir oziq-ovqat mahsulotining saqlanish sharoiti va muddatiga qat’iy rioya etish zarur. Chunki oilamizning sog‘lig‘i uchun avvalo, o‘zimiz mas’ul ekanimizni unutmasligimiz kerak.

Rustam ABDUALIMOV,

viloyat favqulodda vaziyatlar

boshqarmasi xodimi.