Davlat dasturiga taklifim bor: Yuqori sinf o‘quvchilari uchun ro‘zg‘or yuritish va kasblar bilan bog‘liq alohida fan turini joriy etish kerak
Fuqarolar, mutaxassislar tomonidan ayni kunlarda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasiga takliflar berilmoqda.
SamDU tadqiqotchisi, Davlat boshqaruvi akademiyasi Samarqand hududiy filiali bosh mutaxassisi Shahriyor Xolboyev ushbu Davlat dasturi loyihasiga bergan takliflari bilan o‘rtoqlashdi.
Loyihaning 154-bandida maktablar faoliyati bilan bog‘liq takliflar qabul qilinyapti. Agar umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari uchun ro‘zg‘or yuritish va kasblar bilan bog‘liq alohida fan turini joriy etsak maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki biz kim bo‘lishimizdan qat’i nazar ro‘zg‘or tebratishimizga yoki tirikchilik va umrguzaronlik qilishimiz uchun ma’lum bir kasbda yoki hunarda faoliyat olib boramiz. Taklifim inobatga olinsa, buning natijasida maktabdan boshlab yoshlarimizni mustaqil hayotga tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yilishi ta’minlanadi.
Yana bir taklifim - ommaviy axborot vositalarida (xususan, televideniyeda) alohida teledastur yo‘lga qo‘yilishi bilan bog‘liq. Agar “Mening kasbim” rukni ostida teledastur tashkil qilinsa ayni muddao bo‘lardi. Chunki yosh avlodni bugungi kunda kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish suv bilan havodek zarur. Bu esa yoshlarimizni hayotda o‘rnini topishida muhim omil hisoblanadi.
Yana bir taklifim bor: maktabgacha ta’lim-tarbiya jarayonlarini ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida takomillashtirish kerak. Bu borada bog‘cha xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borishning takomillashtirilishi dolzarb masala hisoblanadi. Bilasizmi, aslida bizda maktabgacha ta’limning tub ilmiy va ma’naviy ildizlari mavjud. Masalan, Samarqandda Shohi Zinda qabristonining kirish qismidagi zinadan chiqishda chap qo‘ldagi qo‘shgumbazli maqbarada Mirzo Ulug‘bekning enagasi dafn etilgan. Bu ilmiy asosda o‘rganilishni taqozo etadi. Agar chuqur o‘rganilsa, Mirzo Ulug‘bekning enagasi bilan bog‘liq tarix, eng muhimi, uning buyuk siymoni tarbiyalashdek ulkan tajribasi o‘zlashtirilishi mumkin.
Bizda Janubiy Koreyada maktabgacha ta’lim rahbar va xodimlarining onlayn tarzda uzluksiz malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shu nuqtai nazardan, bog‘cha xodimlarining mahoratini oshirib borishda ularning kasbiy va shaxsiy ko‘nikmalari riojlantirilishi kerak. Bundan tashqari, yurtimizda maktabgacha ta’lim qamrovi 100 foizga yetgunga qadar, qamrab olinmagan onalar bilan muloqot va bolalar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadga muvofiqdir.