Davlat mulkini sotib olgan xaridorga mablag‘ni 3 yilgacha bo‘lib to‘lash imtiyozi berildi
Prezidentimizning 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan viloyatimizda davlat aktivlari isloh qilinadigan va xususiylashtiriladigan 70 ta ob’yekt ro‘yxatiga kiritilgan.
Bundan tashqari, viloyatimizdagi 58 ta bozor va savdo komplekslaridan kelgusida samarali foydalanish belgilandi. Farmon bo‘yicha ishlar 6 yo‘nalishda tashkil etiladi.
Respublika bo‘yicha transformatsiya qilinishi belgilangan 32 ta yirik davlat korxonalaridan biri «Samarqandgeologiya» davlat unitar korxonasidir. Samarqand shahridagi “2531-sonli avtojamlanma” DUKda esa korporativ boshqaruv va moliyaviy audit tizimi joriy etiladi.
Xususiylashtirish yo‘nalishiga viloyatimizdagi 36 ta korxona kiritilgan. Shundan 32 ta korxonaning ustav fondidagi davlat ulushi yo‘nalishlarga ko‘ra xususiylashtiriladi. Odatdagi tartibda xususiylashtiriladigan korxonalar, viloyatdagi tahririyatlar, tibbiyot korxonalari shular jumlasidandir.
Shuningdek, Samarqand shahridagi “Afrosiyob palas” mehmonxona majmui ham xususiylashtiriladi. Avvalgi qarorlarga asosan xususiylashtirilishi belgilangan 21 ta davlat ob’yekti va xatlov natijasida aniqlangan 13 ta bo‘sh turgan ko‘chmas mulk ob’yektlari qamrab olinib, xususiylashtirilishi belgilangan.
Farmonda davlat korxonalarini avvalgi tartibda “nol” xarid qiymatida emas, endilikda 1 so‘mga teng qiymatda savdoga chiqarish belgilandi. Amaliyotda davlat ob’yektlari “nol” xarid qiymatida investitsiya va ijtimoiy majburiyati bilan berilganda ayrim xaridorlar belgilangan biznes-rejasini bajarishga mablag‘i yetish-yetmasligidan qat’iy nazar tanlovda qatnashib, g‘olib bo‘lgan holatlar ham kuzatildi. Shu kabi holatlarning oldini olish uchun ob’yektlar 1 so‘mga teng qiymatda auksion savdosiga chiqariladi. Bunda xaridorga investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar ham yuklatiladi.
Farmon bilan korxonalarni sog‘lomlashtirish hamda xususiylashtirish klinikasi tashkil etildi.
Davlat aktivlarini sotib olayotgan xaridorlar uchun mablag‘ni 3 yilgacha bo‘lib to‘lash imtiyozi berildi.
Mas’uliyati cheklangan jamiyat yoki aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini sotib olgan xaridorlar to‘lagan mablag‘iga yarasha o‘sha korxonani boshqarish hamda sotib olgan aksiyalariga hisoblangan dividendlar olish huquqi berildi. Farmonda keltirilgan va sof aktivi 100 million so‘mdan oshmaydigan korxonalar baholanmasdan, sof aktivlari qiymatida savdoga chiqariladi. Bunda baholash jarayoniga sarflanadigan vaqt va mablag‘ tejaladi.
Suhrob Mahmaraimov,
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
Camarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i.