Davlat rahbari ertangi kunimiz bugungidan yaxshi bo‘lishi uchun osmondan chalpak yog‘ishini kutmaslikni aytayapti
24 yanvar kuni davlatimiz rahbarining parlamentga murojaat qilishi kutilmoqda.
Prezidentimiz Oliy Majlisga taqdim qilgan har bir Murojaatnomasida kelgusida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab bermoqda. Unga jamoatchilik, xususan, mamlakatning qonun chiqaruvchi hokimiyati, oliy vakillik organining e’tiborini qaratmoqda.
Bu tarixiy voqelik ilk marta 2017 yil 22 dekabr kuni nafaqat parlament palatalari, shu bilan birga mahalliy kengashlar bilan videokonferensiya aloqa tizimida bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan birinchi marta mamlakatimiz parlamenti – Oliy Majlisga Murojaatnoma taqdim etildi.
“Hokimlarning hududlarni rivojlantirish, mahalliy byudjetni ijro etish, kommunal muammolarni hal qilish kabi dolzarb faoliyati ustidan xalqimiz o‘z vakillari orqali tegishli nazoratni amalga oshirishiga imkoniyat yaratib berish bizning eng muhim vazifamiz bo‘lib qolishi zarur”.
Davlatimiz rahbarining ilk murojaatida aytilgan bu gaplar bugun real hayotga ko‘chdi. Shuningdek, “Ochiqlik va hisob berish mas’uliyati davlat apparatini samarali shakllantirishning muhim sharti hisoblanadi”, degan gaplari ham qay darajada ijro etilayotganini ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz. Faqat bitta narsa yetishmayapti: shaxsiy tashabbus.
Yashirib nima qildik, qayerdaki yangilik - xoh ijobiy, xoh salbiy bo‘lsin markaziy hukumat yoki aynan davlat rahbarining topshirig‘i bilan amalga oshyapti. Vaholanki, aynan o‘sha birinchi Murojaatnomada Prezidentimiz “yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, el-yurtga sadoqatli kadrlarga keng yo‘l ochish bo‘yicha samarali tizim ishlab chiqish” haqida gapirgandi.
To‘g‘ri, tizim bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilyapti. Ammo hamon tashabbuskor, muammolarni dadil ko‘tarib chiqadigan, ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar aytadigan kadrlar yetishmayapti.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari xalq noiblari – deputatlarni faol bo‘lishga chaqiryapti. Ularni dadillikka undayapti. Afsuski, hozircha bu masalada mahalliy Kengashlardan sado chiqmayapti.
Rost, parlament quyi palatasida dadil, tashabbuskor va kreativ fikrlaydigan ayrim nomlar kashf etildi. Ular ko‘pchilikning e’tiboriga tushdi. Jamoatchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ammo ayrim rahbarlarning bundaylar to‘g‘risida salbiy fikrlay boshlagani ham bor gap.
Davlatimiz rahbarining kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatidagi chiqishlari ko‘pchilikka kuch-quvvat, g‘ayrat bag‘ishladi. Dadil ko‘ngillar chekinmasligiga turki bo‘ldi.
Bir so‘z bilan aytganda, odamlardagi ertangi kunga ishonch, umid tuyg‘ularining oldini ochib, ularga yangicha ruh berdi. Baxtli yashashimiz, ertangi kunimiz bugungidan yaxshi bo‘lishi uchun osmondan chalpak yog‘ishini kutmaslikni aytayapti Prezident. Muhimi, shu emasmi?
Yoqubjon MARQAYeV.