Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari tadbirkorlar muammosini tingladi

Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Unda Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Aloviddin Inog‘omov va Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov ishtirok etdi.
Ochiq muloqotda aholi va tadbirkorlar tomonidan turli sohalar bo‘yicha murojaatlar tinglandi. Murojaatlarning ayrimlari joyida hal qilingan bo‘lsa, qolgan qismi tegishliligi bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlarga yo‘naltirildi.
Qayd etish joizki, tadbir doirasida aholining ehtiyojmand qatlami bandligi va ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Jumladan, Samarqand shahri 4-sektori hududida “Ayollar daftari”ga kiritilganlarga 20 ta tikuv mashinasi berildi. Shuningdek, “Yoshlar daftari”dagi 18 nafar yoshga temir va plastik payvandlash asbobi, avtomobillarni yuvish uskunasi, pishiriq pechi va tikuv mashinasi taqdim etildi.
– Men “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turaman, – deydi Samarqand shahridagi “Xo‘jag‘unjoyish” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Parizoda To‘xtasinova. – Tikuvchilik bilan shug‘ullanish istagida edim. Shu bois, shahar 4-sektori rahbariga tikuv mashinasi so‘rab, murojaat qildim. Bugungi tadbirda menga tikuv mashinasi taqdim etildi. Endi tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, daromad olish niyatidaman.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.