Davlat ulushi bo‘lgan va bo‘lmagan bankning qanday farqi bor?

Qaysi banklar davlat ulushi bor bo‘lgan tijorat banklari tarkibiga kiradi, ularning transformatsiyadan qanday natijalar kutilmoqda? Keling, dastlab, transformatsiya nima ekanligiga e’tibor qaratsak.

Investorlarning talabiga javob berish va kuchli raqobat muhiti shakllangan bir paytda banklar o‘z ish uslubini o‘zgartirishga, mijozlar xohish-istaklarini to‘liq qondirishga intilishi banklar transformatsiyasi deyiladi. Xo‘sh, transformatsiya nima uchun kerak? Uning ahamiyati nimada?

Jahon bankining «Biznes yuritish» reytingidagi past ko‘rsatkichlar - reytingning «Kredit olish» yo‘nalishida O‘zbekiston 67-o‘rinni egallab turishi; axborot texnologiyalari mahsulotlari, mijozlar bilan aloqa qilish bo‘yicha zamonaviy usullarni amaliyotga joriy qilishda kechikish; bozordan past stavkalarda kreditlar berilishi va boshqa bir qator muammolar... Bularning bari bank sektorida davlatning ustun mavqei, banklarning turli davlat dasturlari va korxonalarini moliyalashtirish uchun vositachi sifatida faol jalb qilinishi natijasida yuzaga kelgan tizimli xatarlar va muammolardir.

Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida xususiy sektor rivojlanishini rag‘batlantirish, banklarning investitsiyaviy jozibadorligini, bank xizmatlari ommabopligi va ularning sifatini oshirish uchun davlat ulushi mavjud tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilish belgilangan.

Hozirda yurtimizda 31 ta tijorat banklari faoliyat yuritmoqda. Shundan:

davlat ulushi mavjud tijorat banklari 13 tani (“Milliybank”, “Sanoatqurilishbank”, “Asaka bank”,“Agrobank”, “Ipoteka bank”, Xalq banki, “Qishloq qurilish bank”, “Aloqa bank”, “Mikrokreditbank”, “Turonbank”, “Aziya Alyans bank”, “Poytaxt bank”, “O‘zagroeksportbank”);

- aksiyadorlik tijorat banklari 3 tani (“Ipak yo‘li bank”, “Kapital bank”, “Universal bank”);

- xususiy aksiyadorlik tijorat banklari 7 tani (“Oriyent Finans bank”, “Trast bank”, “Davr bank”, “Turkiston bank”, “Ravnaq bank”, “Xay-Tek bank”, “Madad invest bank”);

- chet el kapitali ishtirokidagi tijorat banklari 3 tani (“Hamkorbank”, “Savdogarbank”, “Invest Finans bank”);

- chet el tijorat banklari 5 tani (“Soderot bank” - Eron, “Ziraat bank” - Turkiya, “KDB bank” - Janubiy Koreya, “Tenge bank” - Qozog‘iston, “TBC bank” - Gruziya) tashkil etadi.

2020 yil 1 iyun holatiga respublika bo‘yicha jami bank aktivlarining 85 foizi, kredit qo‘yilmalarining 89 foizi, bank kapitalining 86 foizi davlat ulushi mavjud tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Viloyatimizda esa 18 ta tijorat bankning filiallari faoliyat yuritmoqda.

Masalan, 2020 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, “Milliy bank”, “Agrobank”, “Asakabank”, Xalq banki, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Ipotekabank”, “Qishloq qurilish bank”, “Mikrokreditbank”, “Aloqabank”, “Turonbank”, “Aziya alyans bank” kabi davlat ulushi mavjud banklarning jami aktivlari 14 453 milliard so‘mni, jamiga nisbatan 89,4 foizni, kreditlar esa 11 943,4 milliard so‘m va ulushi 90,3 foizni tashkil etadi. “Hamkorbank”, “Oriyent Finans bank”, “Ipak yo‘li bank”, “Trastbank”, “Savdogarbank”, “Invest finans bank”, “Kapitalbank”da aktivlar 1706,2 milliard so‘m va jamiga nisbatan ulushi 10,6 foizni, kreditlar 1282,1 milliard so‘mni, ulush esa 9,7 foizni tashkil etadi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida viloyatimizdagi davlat ulushi mavjud banklar sof foydasi 117,4 milliard so‘mni, boshqa banklarning sof foydasi esa 35,4 milliard so‘mni tashkil etdi. Bundan shunday xulosaga kelsak bo‘ladiki, boshqa banklarda aktivlar davlat ulushi mavjud banklardagiga nisbatan 2,5 barobar samarador. Yana ham tushunarli qilib aytsak, har 1000 so‘mlik aktivlar birinchi guruh banklarda o‘rtacha 8 so‘m, ikkinchi guruh banklarda 21 so‘m daromad keltirmoqda.

Shu birgina tahlil natijasi ham bank sektorida davlatning yuqori darajadagi aralashuvi, davlat ishtirokidagi banklarda menejment va tavakkalchiliklarni boshqarish sifatining yetarli emasligi, bank sektorini iqtisodiy yangilanishlar va jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotganligini ko‘rsatib turuvchi jihat hisoblanadi.

Davlat ulushi mavjud tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilish orqali moliyaviy xizmatlarning ommabopligi oshadi, moliya bozorida teng raqobat sharoitlari shakllanadi, kreditlash faqat bozor shartlari asosida amalga oshiriladi. Xizmat ko‘rsatish modernizatsiyalashadi, banklarning samarali infratuzilmalari yaratiladi, kamxarj xizmat ko‘rsatish nuqtalari tarmog‘i rivojlanadi, faoliyat avtomatlashtiriladi, aholi va kichik biznes uchun masofaviy xizmatlar keng joriy qilinadi, bank tizimining moliyaviy barqarorlik darajasi oshadi.

Sherzod SUVANQULOV,

Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.