Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlar adolatli ko‘rib chiqiladi
Bunda eng avvalo, 2018 yil 9 aprelda qabul qilingan "Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joizki, avvallari me’yoriy hujjatlarda huquqiy asos aniq, uyg‘un, to‘liq aks ettirilmagan yoki muvofiqlashtirilmagan edi. Bu esa ko‘pgina qarama-qarshiliklarning vujudga kelishiga sabab bo‘lar va bu jarayonda davlat xaridlari bozorining jozibadorligi va raqobatdoshligi ko‘rinmas edi. Qonunning qabul qilinishi yuqorida ta’kidlangan muammolarga chek qo‘ydi.
Ushbu qonunning 11-bobida davlat xaridlari sohasida yuzaga kelayotgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi alohida belgilangan. Davlat xaridlari ishtirokchilari tomonidan kelib tushgan shikoyatlarni adolatli, tezkor va samarali ko‘rib chiqish maqsadida doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatadigan davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tuzilgan. Komissiya faoliyatini tartibga soluvchi "Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlangan va Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 14 mayda davlat ro‘yxatiga olingan.
Mazkur nizomga muvofiq, shikoyat komissiyaga yozma shaklda yoki o‘zining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda yuborilishi, davlat xaridlari nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarning shikoyatlari esa operator sayti orqali yuborilishi mumkin. Komissiya shikoyatni ko‘rib chiqishda ishtirok etadigan shaxslarni maxsus axborot portali orqali yig‘ilish vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilishi, agar belgilangan vaqtda taraflar majlisda qatnashmasa, shikoyat ularning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin.
Komissiya shikoyat kelib tushgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida bu haqda davlat buyurtmachisini xabardor qilishi va xarid qilish tartib-taomilini o‘n kungacha bo‘lgan umumiy muddatga to‘xtatib turishi mumkin. Komissiya davlat xaridlari to‘g‘risidagi shikoyatni olgan kunidan e’tiboran yetti ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va qaror chiqaradi.
Shikoyat bo‘yicha qaror komissiya a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Komissiya yangi ochilgan holatlar asosida avval qabul qilingan qarorlarini qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Komissiyaning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari taraflar uchun bajarilishi majburiydir.
Masharif ABDUG‘ANIYeV,
viloyat adliya boshqarmasi katta
maslahatchisi.