Davlat xizmatlari markazi: 11 oyda 100 turdagi 410 ming xizmat

O‘tgan vaqt davomida markazlarda xizmatlar sifati va soni ortib bordi. Hozirda ushbu markazlar tomonidan 100 dan ortiq xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida  aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga 409 ming 254 davlat xizmatlari ko‘rsatildi, 23 ming 252 tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, 57 ta chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar davlat ro‘yxatidan o‘tdi.

Bundan tashqari, markazlar tashkil etilgandan buyon aholining huquqiy savodxonligini oshirish va sohada yuz berayotgan o‘zgarishlarni yetkazish borasida joylarda 5 600 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Ushbu tadbirlar davomida 2400 dan ziyod fuqaro sayyor tartibda tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Sayyor tadbirlar davomida Nurobod tumanining Jom qishlog‘ida, Jomboy tumanining olis hududlarida yashovchi 340 ga yaqin fuqaroga pasport, tug‘ilganlik va o‘lim, qayta nikoh guvohnomasi, tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish va kadastr hujjatlari berildi.       

Prezidentimizning 2018 yil 11 apreldagi "Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasini yangi bosqichga olib chiqdi. Qaror asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarining huquqiy tuzilishi, mexanizmi va funksiyasini belgilab beruvchi alohida ma’muriy reglamentlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda. Bu markazlar faoliyati va boshqa idoralar bilan hujjat almashinuvini muvofiqlashtirmoqda. Bu tizim Rossiya, Koreya, Ozarbayjon, Gruziya davlatlarida sinovdan o‘tib, samarali ishlab kelmoqda. Shu bois xalqaro tajribada qo‘llanilgan va bizga ham mos keluvchi jihatlarni soha faoliyatiga jalb qildik. Shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatishda vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan va boshqa turdagi qonun buzilish holatlari yuzasidan vakolatli idora xodimlariga nisbatan 200 dan ortiq ma’muriy choralar qo‘llanildi.

Maqsud QURBONOV,

davlat xizmatlari agentligi viloyat

boshqarmasi boshlig‘i.