Davr sayohatchilari: uydirmami yoki haqiqat?

Davr sayohatchilari ko‘pincha ilmiy-fantastik filmlarda vaqt bo‘ylab sayohat qilib, o‘tmish yoki kelajakka tushib qoladi. Ssenariy mualliflari ko‘pincha o‘z kartinalarida ilmiy tushuntirishga zid, lekin haqiqiy dalillarga ega bo‘lgan voqealardan foydalanishadi. Filmlardagi syujetlar shunchaki uydirma emas, davrdan-davrga sayohat qilish mumkinligi to‘g‘risida hatto ilmiy dalillar bor.

Lyudovik XVI saroyida bo‘lib o‘tgan voqea

1901 yilda Angliyalik ikki xonim Eleonora Jurden i Sharlotta Moberli Parijning Versal saroyidagi ekskursiyada adashib qolishdi. Qadimiy kiyimlar kiygan ikki kishini uchratib, ulardan yo‘l so‘rab, qal’a tomon yo‘l olishdi. Bu odamlarning tili noma’lum shevani ifodalardi. Ketayotib XVIII asr davriga mos libos kiygan zodagon ayol rasm chizib o‘tirganini ko‘rishdi. Sharlotta va Eleonora bu ayol - Lyudovikning xotini Mariya-Antuanettani tanidi.

Qirolicha kelgindilarga bir qaradi-yu, so‘ng ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ayollar jim bo‘lib qoldi va bir necha soniyadan so‘ng ular o‘zini oddiy sayyohlar olomonida topdi. Shundan so‘ng ular Fransiya tarixini batafsil o‘rgana boshladi va Fransiya inqilobidan oldingi davrga tushib qolganliklarini anglab yetishdi. Avvaliga bu haqda hech kimga aytmaslikka qaror qilishdi. Keyinchalik bu sarguzasht haqida ularni mashhur qilgan kitob yozishdi.

O‘tmish tuzog‘iga ilingan kishi

1985 yilda g‘ayritabiiy hodisalarni o‘rganuvchi taniqli Vadim Chernobrovning oldiga o‘zini Yevgeniy Gayduchok deb tanishtirgan bir kishi keldi. Erkak Chernobrovning “Davr bo‘ylab sayohatlar” kitobini zavq bilan o‘qiganini bildirdi. Chernobrov juda hayratda qoldi, chunki u o‘sha paytda hech qanday kitob yozmagan va hatto yozuvchi ham bo‘lmagan. Notanish, shuningdek, 13 yoshida vaqt mashinasida XXIII asrdan XX asrga kelib qolganini, mashinasi buzilib u qaytib ketolmasligini aytdi.

Bunga ishonish qiyish, lekin Gayduchokning so‘zlari ro‘yobga chiqdi. Notanish kishining tashrifdan 15 yil o‘tgach, Chernobrov kitob yozdi va unga atayin boshqa nom berdi. Biroq muharrir chop etishdan oldin asar nomini o‘zgartirishga qaror qildi va uni “Davr bo‘ylab sayohatlar” nomi ostida nashrdan chiqardi.

50 yildan keyingi qo‘nim

1996 yilda “Kertis R-40» qiruvchi samolyoti uchuvchisi Jon Uorter angliya shaharchalarining birida yashovchi Marta Kroufordning hovlisiga qo‘ndi. Dvigatelning guvillashini eshitgan ayol darhol ko‘chaga chiqdi. U maysazorini buzishga jur’at etgan uchuvchidan juda g‘azablanardi.

Marta samolyotlarni tushunmaganligi bois Ikkinchi jahon urushi paytida Amerika havo flotining taniqli modellaridan birini tanimadi. Erkak kabinadan chiqib, Fransiya osmonida uning otryadi fashistlar otishmasi ostida qolganini aytdi.

Bu voqeani aytib berayotgan odam yuzlari oqarib oyog‘ida zo‘rg‘a turardi va oxir-oqibat u hushidan ketdi. Ayol tez yordam chaqirdi, Uorter kelgan shifokorlarga ham aynan shu voqeani aytib berdi. Hech kim unga ishonmadi va u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborildi. Ko‘tarilgan arxivlar bunday uchuvchi haqiqatan ham AQSh havo kuchlari ro‘yxatida bo‘lgani va 1944 yilda bedarak yo‘qolganini ko‘rsatdi.

Firibgar(mi) yoki kelajakdan kelgan mehmon?

Endryu Karlssin 2003 yilning fevralida Nyu-York fond birjasining xavfli aktivlarga sarmoya kiritishi orqali nihoyatda boyib ketgan kishi. Federal qidiruv byurosi xodimlari darhol uning shaxsiyati bilan qiziqib qolishdi. Ular Endryu oddiy firibgar ekanligiga amin edi. Lekin Endryu byuro xodimlariga u 250 yil oldingi kelajakdan kelganligi, shu sababli aktivlar qachon qay darajada ko‘tarilishni bilganligiga da’vo qilgan.

Darhaqiqat, 2002 yilgacha uning shaxsiga oid ma’lumotlar hech qayerda topilmagan. Go‘yoki Endryu Karlssin mavjud emas edi. 2003 yilning aprel oyida Karlssin izsiz g‘oyib bo‘ldi. «Shayton arava»

Mexiko – Akapulko yo‘nalishida ketayotgan poyezdda to‘satdan qo‘lida pero (yozuv quroli) va qadimiy kamzul kiygan odam paydo bo‘ldi. U o‘zini vazir Xorxe de Balensiaga deb tanishtirdi va qayerdaligini so‘ray boshladi. Yo‘lovchilar faqatgina mehmon hamyonini yo‘qotib, g‘oyib bo‘lganini kuzatishga ulgurdi.

Uning hamyoni XVIII asrda ishlab chiqarilganligi aniqlandi va arxivlarda o‘zini “shaytonlar aravasi”da ko‘rgan aqldan ozgan vazir to‘g‘risidagi ma’lumotlar topildi. Hujjatlarda Xorxe olov va tutun bilan nafas olayotgan arava ichida o‘zini ko‘rgani va atrofdagi g‘alati kiyingan odamlardan qo‘rqib duo o‘qiy boshlagani va bir lahzadan so‘ng u yana o‘z davriga tushganligi ko‘rsatilgan. Vazir umrining oxirigacha bu sarguzashtni unutolmagan. Hatto jinni haydash marosimlari ham uning aqlini tiklashga yordam bermagan.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.