Defoliatsiya — g‘o‘za hosilini yetilishini 15 kunga tezlashtiradi

G‘o‘zani defoliatsiya qilish (bargsizlantirish) mo‘l va sifatli paxta hosilini yetishtirishdagi muhim agrotexnik tadbir hisoblanadi. Bu tadbirni amalga oshirish evaziga qisqa almashlab ekish tizimida g‘o‘zadan so‘ng boshoqli ekinlarni o‘z vaqtida sifatli qilib ekib olish imkoniyati yaratiladi.

Defoliatsiya tadbiri sifatli va to‘g‘ri o‘tkazilganda barglarning to‘kilishi ta’minlanibgina qolmasdan, g‘o‘zadagi ko‘saklar 10-15 kun erta pishib yetiladi, 1-terim salmog‘i 15-20% ga oshib, yuqori sifatli xom-ashyo hajmi ko‘payadi. Shuning bilan birgalikda defoliant g‘o‘za kasalliklari va zararkunandalariga, ayniqsa qora shira tushgan maydonlarga samarali ta’sir etadi.

Defoliatsiyani muddatida va sifatli o‘tkazilishi paxta terish mashinalarining samarali ishlashini va qo‘l terimida ish unumini 15-20 foizga oshishini ta’minlaydi, kuzgi boshoqli don ekinlarini sifatli ekib, erta undirib olishga qulay sharoit yaratadi. Aksincha, defoliatsiya sifatsiz o‘tkazilgan yoki umuman o‘tkazilmagan g‘o‘za qator orasiga ekilgan kuzgi bug‘doy to‘liq unib chiqmaydi.
Yumshoq ta’sir etuvchi defoliantlar ta’sirida barglar yashilligicha to‘kiladi. Kichik ko‘saklar ham pishib yetiladi. Natijada qo‘shimcha hosil olinadi va terilgan paxtani ifloslantirmaslikka olib keladi.