Dehqonobodda organik chiqindidan biogaz olinyapti

Jahonda biogaz olish texnologiyasining 60 dan ortiq turi mavjud. Ular orasida keng tarqalgani maxsus uskunalarda organik moddalarni bijg‘itish usulidir. Qishloq sharoitida bu usul orqali kichik hajmdagi biogaz qurilmalarini o‘rnatish juda qulay.

Mutaxassislarning fikricha, har bir qoramol chiqindisidan bir kunda 4,2 kub metrgacha biogaz olish mumkin. Boshqacha aytganda, bitta qoramol chiqindisidan olinadigan kunlik biogaz qariyb 10 kilogramm yog‘och-o‘tin yoki 5 kilogramm ko‘mir energiyasiga to‘g‘ri keladi.

Urgut tumanining Dehqonobod mahallasida yashovchi Chingiz Barotov yaqinda xonadonida kichik hajmdagi biogaz qurilmasi o‘rnatgan edi. Hozirgi kunda ushbu qurilma orqali 10 ga yaqin qoramol chiqindisidan mahalla hududidagi 150 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘chaga biogaz yetkazib berilmoqda.

- Xitoyda har bir xonadonda biogaz bor, - deydi “UZBIOGAZ” MChJ rahbari Alijon Temirov. – Ular organik chiqindilardan unumli foydalanib, ham foyda ko‘radi, ham o‘z ehtiyoji uchun ishlatadi. Bu tajribani o‘rganish maqsadida Xitoyga bordim va xitoylik mutaxassislar bilan tajriba almashib, biogaz qurilmalari ishlab chiqaruvchi sex tashkil qildim. Hozir biogaz qurilmalarini ishlab chiqarish bilan birga eksperiment sifatida foydalanyapmiz.

Ayni paytda viloyatimizda bo‘lib turgan respublika ishchi guruhi - Prezident maslahatchisi B.Islomov, Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Bosh prokuror o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori Sh.Uzoqov hamda viloyat mutasaddilari Urgut tumanidagi “UZBIOGAZ” MChJ faoliyati bilan tanishdi.

Shuningdek, Sovg‘on mahallasida “Yashil hudud” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, Dehqonobod mahallasidagi maktabgacha ta’lim muassasasida bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar, Nisbot mahallasida dorivor o‘simlik yetishtirib, qadoqlovchi “Mamadjon Nurafshon” xususiy korxonasi, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi “Sam electro service” korxonasi faoliyati o‘rganildi.

Bundan tashqari, o‘rganish davomida Sariqtepa mahallasidagi 48-maktabda mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Mergancha mahallasidagi 154-maktabda uchrashuv o‘tkazilib, o‘quvchilarga kitoblar sovg‘a qilindi.