Deputat aholi bilan fikr almashdi

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okrugida bo‘lib, aholining keng qatlamlari o‘rtasida Mustaqillik bayrami hamda konstitutsion islohotlarga bag‘ishlab ochiq muloqot va suhbatlar, dolzarb mavzular bo‘yicha fikr almashuvlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib bormoqda.

Shunday uchrashuvlardan biri deputat Ulug‘bek Vafoyev tomonidan Payariq tumanida o‘tkazildi. Uchrashuvda deputat mustaqillik yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo‘lida muhim ishlar bajarilgani, qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi ishlab chiqilgani, zamonaviy davlatchilik asoslari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari shakllangani haqida gapirdi.

- Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar olib borilyapti, - dedi U.Vafoyev. - Ushbu qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatildi, valyuta bozori erkinlashtirildi, naqd pul bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi. Ayniqsa, inson huquqlari kafolatlari kuchaytirildi, majburiy mehnat, shu jumladan bolalar mehnati tugatildi, oliy ta’limga qabul kvotalari oshirildi, aholi murojaatlari bilan ishlash va davlat organlarining ochiqligi bo‘yicha yangi tizimning joriy etildi. Albatta, mazkur islohotlarni sanashni yana davom ettirish mumkin. Lekin muxtasar aytganda, ushbu islohotlarning asosiy maqsadi, bu - yangi O‘zbekistonni barpo etish, ya’ni, xalqparvar davlatni barpo etish hamda ushbu davlatda insonning qadr-qimmatini ta’minlashdir.