Deputat anketasi: Saylovchilarim bilan doimiy aloqadaman

1. Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ularning ijrosiga kirishilganmi?

4-Muctaqillik saylov okrugi bo‘yicha 2020 yilda o‘nlab loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, hududdagi 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabini kapital ta’mirlash ishlari joriy yil dasturiga kiritilgan va yilning ikkinchi yarmida tender o‘tkazilib ishlar boshlanishi belgilangan.
Umuman, dasturlar doirasida belgilangan har bir ish aniq reja asosida amalga oshirilishini qat’iy nazoratga olganmiz. Chunki “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi va xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya deputatlik guruhi, qolaversa o‘zimning 2020 yilga mo‘ljallangan deputatlik ish rejamda “Uyma-uy”, “Deputat bilan yuzma-yuz” loyihalari belgilangan. Bular o‘z navbatida hududdagi har bir yangilik, o‘zgarishdan xabardor bo‘lishni taqozo qiladi.

2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?
Okrug hududidagi 27 ta mahallada saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish grafigi ishlab chiqilgan. Karantin davrigacha ushbu grafik asosida mahallalarda sayyor qabullar tashkil etildi. Ammo bugungi kunda ham saylovchilar bilan muloqot to‘xtab qolgan emas. U endi “Uyma-uy” loyihasi doirasida davom etmoqda. Bunda aholi xonadonlariga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olinayapti va muammolar o‘rganilmoqda.

3. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang.
2020 yilning yanvar-mart oylarida 4-Mustaqillik saylov okrugi hududida uyushtirilgan sayyor qabullar va “Uyma-uy” loyihasi doirasidagi o‘rganishlar natijasida aniqlangan muammolar yuzasidan bir qancha tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yubordim. Ushbu so‘rovlarning ko‘pchiligi mutassadilar tomonidan o‘rganilib, tegishli javoblar berilgan. Masalan, Samarqand shahar, “O‘zbekiston” mahallasi ahlining murojaati bo‘yicha Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi rahbariga hududda elektr energiyasi ko‘p o‘chayotganligi, mavjud transformatorda nosozlik kuzatilayotganligi bayon qilinib, uni hal etish bo‘yicha rejalar yuzasidan deputatlik so‘roviga yuborilgandi. So‘rovdan so‘ng transformatorda ta’mirlash ishlari olib borilib, so‘rovga javob qaytarildi.

Dmitriy AN,
4-Mustaqillik saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati.