Deputat bong uradi! Kattaqo‘rg‘on tumanida bog‘chalar qachon o‘nglanadi?
Ma’lumki, keyingi paytlarda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, ertangi kunimiz davomchilari bo‘lgan yosh avlodni jahon talablari darajasidagi shart-sharoitlarda tarbiyalash masalasiga shaxsan davlatimiz rahbarining o‘zi katta e’tibor qaratmoqda. Bu borada davlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish barobarida xususiy sektordagi ta’lim muassasalari takomiliga ham keng yo‘l ochilmoqda. Shunday imkoniyatlar yaratilayotgan bir paytda tumandagi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ahvol kishi ta’bini xira qiladi.
Yaqinda O‘zLiDeP a’zolari bilan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ahvol bilan tanishish, jajji bolajonlarga hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar va shart-sharoitlar ta’lim muassasalarida qay darajada ijro qilinayotgani bilan qiziqib tumandagi “Yakkabog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 27-son maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘ldik. Muassasa hovlisiga kirib borar ekanmiz, bu dargoh anchadan buyon soha mutasaddilarini e’tiboridan chetda qolib kelayotganligiga guvoh bo‘ldik. Juda achinarli holatga kelib qolgan hovli sathini begona o‘tlar bosib ketgan. Rangin holatga kelib qolgan devorlar oqlanmaganiga ancha bo‘lgan ko‘rinadi. Muassasa atrofini o‘rab turgan devorlar suvoqlari ko‘chib, g‘aribona ko‘rinishga kelib qolgan. Hovli manzarasining o‘ziyoq kishi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ro‘yxat bo‘yicha tarbiyalanayotgan 135 nafar bolalarga 18 nafar tarbiyachilar ilk ta’lim-tarbiya jarayonlarini olib borishmoqda. Bolajonlar joylashtirilgan xonalardagi ahvol ham ko‘ngildagidek emas. Tarbiyalanuvchilarning yotoqxonasi ham mashg‘ulot o‘tish ham ovqatlanish uchun moslab qo‘yilgan. Bolalar yotib uxlaydigan karavotchalarning aksariyati ta’mirga muxtoj. Ustiga solib qo‘yilgan choyshablar juda ham eskirib ketganidan yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Bog‘cha xodimlarining ta’kidlashicha oxirgi marta 2015 yilda keltirilgan choyshablardan foydalanib kelinayotgan ekan. Qishloq bolalari tarbiyalanayotgan muassasadagi ahvol nega bu darajada nochorlashib qoldi? Mamlakatimizda sohaga katta e’tibor qaratilayotgan bir paytda yakkabog‘lik bolajonlar taqdiriga nega befarq qaralmoqda?
Kuzatuvlarimiz asnosida yana shu narsaga amin bo‘ldikki, tarbiyaviy jarayonlarda sanitar-gigiyenik ahvol ham e’tibordan chetda qolgan. Tarbiyalanuvchilarning kiyim-boshlari kir holatda. Masalaga chuqurroq yondoshib, tarbiyachilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tgan yo o‘tmagani bilan qiziqqanimizda “tibbiyot daftarchalarimiz mudirada” degan jumboqli javob oldik. Vaholanki, bog‘cha mudirasi bir haftadan buyon ishga kelmayotgan ekan! Ana xolos! Rahbar ishga qo‘nimsiz bo‘lganidan keyin xodimlardan nima umid qilish mumkin. Bu borada tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi rahbariyati bilan gaplashganimizda ushbu bog‘cha mudirasi ishdan ketganini, o‘rniga yangi mudira tayinlangani bilan vaziyatni xaspo‘shlashga urindi.
Bog‘cha oshxonasidagi shart-sharoitlar bilan tanishar ekanmiz, bu yerdagi holat sanitariya qoidalari va gigiyena talablari (SanPin)ga mutlaqo javob bermasligiga guvoh bo‘ldik. Toza ichimlik suvi ta’minotining yo‘qligi esa vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Holatga izoh so‘rab suhbatlashaylik, desangiz, butun boshli bog‘chada birorta mas’ul mutasaddini uchratib bo‘lmadi. Keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash masalasida ham imkoniyatlardan kelib chiqilmoqda. Eng yomoni, bolajonlar gigiyenik talablarga mutlaqo javob bermaydigan hojatxonadan foydalanishmoqda. Sport maydonchalari, tarbiyalanuvchilarni yozgi mavsumda tashqarida mashg‘ulot olib borish joylari haqidaku gapirmasak ham bo‘ladi.
Endi o‘zingiz bir mulohaza qilib ko‘ring. Yillar davomida e’tibordan chetda qolib kelgan ta’limning ilk bosqichi – maktabgacha ta’lim muassasalarida muammolar keragidan ko‘p yig‘ilib qolgani sababli tizimda katta islohotlar boshlandi. Bugun joylarda olib borilayotgan ishlarni ko‘rib dilingiz yayraydi. Nega endi tumanimizdagi aksariyat qishloq bog‘chalaridagi ahvol o‘nglanmayapti? Mas’ul rahbarlar nima bilan band? Islohotlarga loqaydlik qilgan mutasaddilarga qat’iy choralar ko‘rish vaqti allaqachon kelmadimi? Qachongacha o‘z hayotimizga, kelajagimizga yuzakilik bilan qaraymiz?!
Ro‘zimurod JO‘RAYeV,
Kattaqo‘rg‘on tumani Kengashi deputati.