Deputat saylovchilarning ta’lim va tibbiyotga oid murojaatlarini eshitdi, muammolarning hal etilishi choralarini ko‘rdi

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida bo‘lib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Jumladan, parlament quyi palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Azamat Pardayev Oqdaryo tumanida o‘rganishlar olib bordi va saylovchilar bilan muloqot qildi.

Tumandagi 38-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan uchrashuvda deputat Qonunchilik palatasining keyingi majlislarida muhokama qilingan masalalar, qonunchilikdagi yangiliklar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Muloqot davomida hudud ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq masalalar yuzasidan muammo va takliflar bildirilib, ularning yechimida deputatlar ko‘mak so‘raldi. Xususan, Dahbed mahallasida istiqomat qiluvchi aholi vakillari hududda ko‘p qavatli uylar qurilayotganini qayd etib, oqova tizimi yaratish zarurligini ta’kidladi.

A.Pardayev bu masalada tegishli vazirlik va idoralarga murojaat qilishini bildirdi.

Shuningdek, uchrashuvda o‘quvchilarning “Kundalik.com” tizimidan foydalanishi, onkologik kasalligi bor insonlarga yordam berish masalalari, gaz narxi tariflarining oshirilishi aholi daromadlari bilan bog‘lanmagani yuzasidan ham savollar o‘rtaga tashlandi.

– Oqdaryoda 5 ta ijtimoiy soha ob’yektida bo‘lib, ularning holatini mas’ullar bilan birga o‘rgandik,  – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Pardayev. – Bir qator kamchiliklar aniqlanib, ularni hal etish choralarini belgiladik. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda ko‘tarilgan davolanish uchun bepul dori-darmon bilan ta’minlash, bir oylik harbiy xizmat xarajatini qoplashda amaliy yordam berish masalalari joyida hal qilindi. Alisher Navoiy nomli mahalladagi ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiyasi, toza ichimlik suvi muammosi va tumandagi umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining attestatsiya savollari bo‘yicha murojaatlari yuzasidan respublika darajasidagi tegishli idoralar mas’ullariga murojaat qilish belgilab olindi.

Aholi o‘zlari saylagan deputatning bu kabi uchrashuvlar o‘tkazib turishi har jihatdan foydali bo‘lishini ta’kidladilar.