Deputatlar kuchayadi (mi?!)
2 fevral kuni davlat rahbari «Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmonni imzoladi.
Odatga xilof o‘laroq, hujjatga sharh ham berildi. Aksar hollarda butun mamlakat bo‘yicha bir xil yuridik kuchga ega bo‘lgan hujjatlarga ko‘pam sharh berilavermaydi.
Xalq vakillari huquqi kengayadimi?
Maqola avvalida qayd qilingan farmon haqida eshitganlar borki, shu gap xayolidan o‘tyapti. Avvalo, fikrlab ko‘ring, avval huquqlari kammidi?
Bizningcha, yo‘q, shu paytgacha ham deputatlarda yetarlicha huquq bo‘lgan. Misol uchun, davlat boshqaruvi organlari rahbari ularni navbatsiz va moneliksiz qabul qilishi shart.
Ular tergov ishi va davlat siri bo‘lmagan istalgan axborotni so‘rab olish huquqiga ega. Bunday huquq oddiy fuqaroda ham borku, deyishingiz mumkin. Farqli tomoni shundaki, sizga 15 kunda, vakillik organi a’zolariga 10 kundan kechiktirmay javob qaytarilishi kerak. Qo‘shimcha o‘rganishlar talab qilinsa, fuqaro umumiy hisobda 1 oy ham kuttirilishi mumkin.
Savol tug‘ilishi mumkin, mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilgani yangilik emasmi? Aslo, bu masala, ya’ni hokimiyatlar bo‘linishiga oid konstitutsiyaviy tamoyil yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan.
Yangi gap yo‘qmi?
Avvalo, qayd etish lozim, farmon bilan muayyan sohalarni isloh qilish, davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsad qilinyapti. Ya’ni, davlat rahbari imzolagan hujjat bilan hokim yoki Kengash vakolatlari, huquq yoki majburiyatlari belgilab berilayotgani yo‘q. Shu masala bo‘yicha tegishli mas’ul idoralarga topshiriqlar berilgan.
Misol uchun, 33 ta vakolatni mahalliy Kengashlarga o‘tkazilishi taklif etilyapti. Buni Oliy Majlis Senati, Adliya vazirligi hamda mahalliy Kengashlar ishlab chiqqan.
Taklif ma’qullandi-ku, deyishga shoshilmang. Endi Kengashlar yangicha ishlashi mumkin bo‘lganida Adliya vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda farmonning 1-ilovasidagi takliflarni ro‘yobga chiqarish uchun tegishli qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish to‘g‘risida hukumatga kiritish vazifasi berilmasdi.
O‘zgarishlar qanday bo‘ladi?
Albatta, Kengashning mustaqil faoliyat yuritishi, uning ishiga aralashmaslik birdaniga amalga oshadigan jarayon emas. Joriy yil oktyabr oyida o‘tkaziladigan saylovda shakllanadigan viloyat Kengashi alohida binoda faoliyat olib boradi. Kutilayotgan asosiy yangilik - shu.
Farmonda Oliy Majlis Senatiga mahalliy Kengashlar deputatlarining maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kuchaytirish choralarini ko‘rish vazifasi topshirildi. Umuman, endi yuqori vakillik organi hududlardagi vakillik organlari bilan hamnafas ishlashi kerak. Shu ma’noda mahalliy Kengashlar tomonidan hudud manfaatlariga oid muhim va dolzarb masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatiga takliflar kiritish mexanizmini belgilash nazarda tutilyapti.
Umuman, mahalliy Kengashlar, ularning organlari hamda deputatlarning nazorat faoliyati takomillashtirilib, samarali nazorat tizimi shakllantiriladi.
Deputatlari viloyat Kengashi bu borada faqat mansabdor shaxslarning hisbotlarini tinglash bilangina kifoyalanib kelayotgan edi.
Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar qarorlarini ishlab chiqishda ham jamoatchilik ishtiroki ta’minlanadi.
Alohida bo‘lib, nima yutadi?
Deputatlarni ko‘pdan qiynab kelayotgan muammo — mahalliy byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish masalasi, desak bo‘lmas. Mantiqan qaralganda (qonun bo‘yicha ham), byudjet tasdiqlanishi-yu ijrosi nazoratiga Kengashlar haqli. Ammo bu jarayonda xalqimiz, ya’ni saylovchilar xohish-istaklari qay darajada inobatga olinyapti, degan savol tug‘iladi.
Aytmoqchi bo‘lganimiz, Kengash alohida organ sifatida faoliyat boshlashi bunga imkon yaratadi.
To‘g‘ri, yangi tartib katta kuch va mehnatni talab qiladi. Ammo bunga erisha olsak, oldimizga qo‘ygan muhim vazifalardan biri uddalangan bo‘ladi. Shu bois Oliy Majlisga Adliya vazirligi bilan birgalikda mahalliy Kengashlar deputatlari va kotibiyatlari xodimlarining bilim va malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv kurslarini tizimli tashkil etish tavsiya etildi.
Yoqubjon Marqayev.