Detektivlar qirolichasi qismati
Mashhur ingliz yozuvchisi, detektiv janri ustasi, “O‘nta negr bolasi”, “Puaro” kabi 85 ta roman, 20 pesa va ko‘plab hikoyalar muallifi Agata Kristining kitoblari ueng o‘qiladigan adabiyotlar tarixida uchinchi o‘rinni egallaydi. Ammo adibaning hayotida sirli voqea bo‘lgan.
1926 yil dekabrida sodir bo‘lgan bu hodisa hozirgacha ko‘pchilik tadqiqotchilar tomonidan muhokama qilinib keladi.
Gap shundaki, 1914 yil Angliyaning Torki shaharchasida Xalqaro Qizil Xoch gospitalida hamshira bo‘lib ishlovchi Agata Miller Qirollik uchuvchilar korpusi polkovnigi Archibald Kristiga turmushga chiqadi. Agata detektivlar mashhur muallifiga aylanib boradi, uning qalam haqi to‘xtovsiz o‘sa boshlaydi. Biroq eri Archibald Kristiga dunyoga tanilib borayotgan rafiqasi Agataning soyasida qolib ketayotgani yoqmaydi.
1926 yil 3 dekabrda navbatdagi janjaldan keyin Archibald ajrashmoqchi ekanligi va golf o‘yinida doimo birga bo‘ladigan idora mashinistkasi Nensi Nilga uylanmoqchi ekanligini aytadi. O‘sha yillarda ajrashish isnod hisoblanardi. 3 dekabr kuni oqshom Agata uxlab yotgan qizalog‘i Rozalindani o‘pib, o‘z mashinasida uydan chiqib ketadi...
Eri polkovnik Kristi ikkinchi kuniyoq politsiyaga xabar qiladi. Dunyoga taniqli adibaning yo‘qolishi ozmuncha shov-shuvga sabab bo‘lmaydi. Uni qidirishga minglab politsiyachilardan tashqari 15 ming ko‘ngillilar ham ishtirok etadi. Tez orada Surrey grafligida Nbyulndz - Korner shahari yaqinida Agatani mashinasi topiladi. Mashina ichida haydovchilik guvohnomasi, shaxsiy buyumlari bor edi. Politsiya Agata eri Kristi tomonidan o‘ldirilgan, degan gumonga ham boradi. Boshqa taxminlar ham ko‘payib ketadi. Yevropa va okean ortida Agata Kristining g‘oyib bo‘lishi turli xil muhokamalarga sabab bo‘ladi. Nyu-York shahrida chop etiladigan qator gazetalarning birinchi sahifasi to‘liq ushbu hodisaga bag‘ishlanadi.
Biroq tez orada adibani daragi chiqadi. Xarrogeyt shahrida Swan Hydro mehmonxonasida ishlovchi sozanda 1926 yil 14 dekabr kuni politsiyaga mehmonxonada yashovchi bir ayol yo‘qolgan detektiv qirolichasiga juda o‘xshashligini ma’lum qiladi. Bu xabar darhol adibaning eri Archibaldga yetkaziladi va u mehmonxonaga yetib keladi.
Aslzodalar qo‘nim topadigan mehmonxonaga Agata Tereza Nil nomi bilan ro‘yxatdan o‘tib joylashgan ekan. Uchrashuvda Agata erini darhol taniy olmaydi, u xotirasini yo‘qotgan va bu yerga qanday qilib kelib qolganini eslolmasdi. Politsiyaning aniqlashicha, adiba uydan bosh olib chiqib ketganida Londonga bormoqchi bo‘lgan. Yo‘lda negadir u qarorini o‘zgartirib mashinasini tashlab, temiryo‘l stansiyasiga keladi. Xarrogeytga kelib mehmonxonaga joylashadi. Ammo bularni eslay olmaydi. Vrachlar adibani tekshirib ko‘rib, haqiqatan xotirasi yuqolganini tasdiqlashadi.
Adiba keyinchalik bu hodisani esga olmaslikni ma’qul ko‘radi. Ko‘plab muxlislari Agata o‘zining bu harakati bilan nikohini saqlab qolishga, Archibaldni ajralish ahdidan qaytarishga uringan, deb hisoblashadi. Ammo Agata Kristi buning uddasidan chiqa olmaydi. 1928 yilda oila ajraladi. Agata erining familiyasida qoladi va ijodiy faoliyatini davom ettiradi.
Oradan ikki yil o‘tgach, Agata Iroqqa sayohati chog‘ida arxeolog Maks Mallaouen bilan tanishadi va qolgan umrini uning bilan nikohda - 1976 yilgacha, o‘limiga qadar o‘tkazadi.
E’tiborlisi, Agata Kristining kitoblari millionlab nusxada qayta-qayta nashr etilib, muxlislar qalbini zabt etib kelmoqda.
T.Shomurodov tayyorladi.