«Dinamo» muddatdan avval Superligada

Viloyatimiz bosh futbol jamoasi muddatdan avval Superligaga yo‘l oldi. Klub axborot xizmati rahbari Usmon Ibodov bu qanday ro‘y bergani haqida ma’lumot berdi.

Pro liga 20-turida «Dinamo» jamoasi Samarqandda Toshkentning «Olimpik» jamoasini 5:1 hisobida mag‘lub etgach, 99 foizga Superligaga chiqish vazifasini bajargan edi.

Sababi, Hakim Fuzaylov shogirdlari Pro liga yakuniga 4 tur qolganida ochkolari sonini 34 taga yetkazib, eng yaqin ta’qibchi – 3-o‘rindagi «Nurafshon» bilan oradagi farqni 10 ochkoga yetkazgandi.

21-tur doirasida esa «Nurafshon» bugun «Olimpik» mehmoni bo‘lib 0:5 hisobida mag‘lubiyatga uchrab, matematik jihatdan ham Samarqand klubiga yetib ololmasligi oydinlashdi.

Natijada, «Dinamo» ertaga, 14 oktyabr kuni Farg‘onada turnir peshqadami «Neftchi»ga qarshi o‘yin oldidan Superliga yo‘llanmasini naqd qildi.

14 oktyabr, payshanba kuni Farg‘onadagi «Neftchi» - «Dinamo» o‘yinidan oldin Farg‘ona klubining Superligaga ilk yo‘llanmani qo‘lga kiritgani bayramona nishonlanadi. Shunga qaramay, «Dinamo» jamoasi Superliga masalasini hal qilgan bo‘lsa-da, safarda Samarqand sha’ni uchun maydonga tushishini yoddan chiqargani yo‘q.

Oldinda «Dinamo» jamoasini «Nurafshon», «Olimpik» va «Neftchi»ga qarshi javob bahslari kutib turadi. Mavsum yakunida esa Superliga yo‘llanmasini barcha muxlislar bilan bayramona tarzda nishonlash rejalashtirilgan.