Diniy konfessiyalar rahbarlari musulmonlarni Ramazon hayiti bilan tabrikladi
Mamlakatimiz hududida musulmonlar bilan birga yana 16 ta din va konfessiyalarga e’tiqod qiladigan 130 dan ortiq millat va elatlar yashaydi. O‘zbekiston xalqi qadimdan bag‘rikeng xalq bo‘lgani sabab qadimda ham bugungi kunda ham boshqa din va konfessiya vakillari bilan tinch totuv yashab kelmoqda. Islom dini ta’limotida ham o‘zga din vakillariga nisbatan bag‘rikenglik tamoyillari o‘rin olgan. Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadiki, Payg‘ambar alayhissalom rafiqul a’loga intiqol qilganlarida, ya’ni vafot qilishlaridan oldin bir yahudiyga o‘z sovutlarini garovga berib, undan 30 so‘ arpa sotib olgan ekanlar. Oisha onamiz roziyallohu anho mana shu voqeani u zotning bag‘rikenglik borasida o‘z ummatlariga ko‘rsatgan eng katta ta’limlari, deganlar.
O‘zbekistondagi barcha diniy konfessiyalar vakillari bir-birlarini diniy bayramlar munosabati bilan tabriklash an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinadi. Bugun, 5 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilligi binosiga viloyatda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiya vakillari tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad, butun O‘zbekiston musulmonlarini Ramazon Hayiti bayrami bilan qutlashdir. Mehmonlarni O‘MI Samarqand viloyat vakili Z.Eshonqulov, vakil o‘rinbosari X.Sattarov va diniy ulamolar kutib olishdi.
Diniy konfessiya rahbarlari bayram dasturxoni atrofida butun O‘zbekiston musulmonlarini Ramazon hayiti bayrami bilan muborakbod etdilar. Shuningdek, ular respublika prezidenti Sh.Mirziyovning O‘zbekistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga doir siyosatini bir ovozdan ma’qulladilar. O‘zaro samimiy va do‘stona uchrashuv davomida mehmonlar O‘zbekistonda qaror topgan tinchlik, totuvlik, dinlar va millatlararo bag‘rikenglik ruhiga yuksak baho berib, bu borada olib borilayotgan ishlarni izchil davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.