Dispetcherlik xizmati telefonlari ishlayaptimi?
Kecha gazetamiz va saytimizda anomal sovuq kunlari Samarqand viloyatining barcha tuman, shaharlarida, kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlarida shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, ular tunu kun ishlari haqida xabar bergandik.
Ammo aholi elektr tarmoqlari korxonasining shahar, tumanlar dispetcherlik telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lana olmayotganligini bildirmoqda. Biz ham shtablarning ayrimlariga qo‘ng‘iroq qildik.
Samarqand shahar elektr tarmoqlari korxonasi dispetcherlik xizmatiga (66) 233-12-12) qo‘ng‘iroq qilib, fuqarolardan tushgan murojaatlar va ularning natijasi haqida ma’lumot so‘radik. Ammo mas’ul shaxs - Mansur Xayrullayev bu haqda ma’lumotni faqat rahbari orqali olishimizni aytdi.
Oqdaryo (95-410-08-90) va Bulung‘ur (95-410-01-48) tumanlari dispetcherlik xizmati bilan bir necha bor urinsak-da bog‘lana olmadik. "Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali axborot xizmati vakilining aytishicha, ularga berilgan 95 kodli telefonlar elektr energiyasi bo‘lmasa ishlamas ekan...
Past Darg‘om (66) 465-30-84), Urgut (Dehqonobod) (66) 240-16-18), Jomboy (66) 475-29-00) tumanlaridagi telefon raqamlari ham doim band bo‘ldi. Bu raqamlar murojaat qabul qilish bilan band bo‘lsa-ku yaxshi, biroq boshqa sabab bilan telefonlar ishlamayotgan bo‘lsa, aholining noroziliklari bekorga emasligi ma’lum bo‘ladi.
Dilmurod To‘xtayev.