DTM: bu yilgi test savollarida o‘ta murakkab yoki mujmali yo‘q!
2019-2020 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘tgan yilga nisbatan 30 foiz atrofida ko‘proq kvota ajratiladi, deb yozmoqda human.uz. Bu taxminan 110 ming talaba degani. Bundan tashqari, tabaqalashtirilgan, ya’ni oshirilgan kontrakt to‘lovi bo‘yicha yana qo‘shimcha 40-50 foizdan ziyod talaba o‘qishga qabul qilinishi mumkin. Bu haqda Davlat test markazi bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov Prezidentimizning 2019 yilning 13 maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi”gi qarori bo‘yicha “Taraqqiyot strategiyasi” markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Ma’lumki, test jarayonida o‘ta murakkab savollar ham uchrayotgani bois, abituriyentlar ularni yechishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Xo‘sh, buning oldini olish uchun nimalar qilindi?
Mutasaddining aytishicha, fan ekspertlari tomonidan savollar tuzilayotgan paytda ularni uch martadan ekspertizadan o‘tkazish tartibi belgilangan. Bu borada mutaxassislarga tushuntirishlar olib borilgan. Ekspertiza jarayonida yechilishi qiyin bo‘lgan, mujmallik tug‘dirishi aniqlangan savollar bazadan chiqarib tashlandi.
Endilikda imtihonlar bevosita hududlarda ham o‘tkazilyotgani munosabati bilan odamlarda tug‘ilayotgan savollardan biri — joylarda o‘tadigan test sinovlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida ulardagi sharoit poytaxtnikidan qolishmaydimi?
B.Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, respublikamizning barcha hududlarda sharoit bir xil. Biri ikkinchisidan kam emas. Jarayonni tasvirga olish, ota-onalarga yaratib berilgan imkoniyat, kuzatuv, nazorat, xullas hamma-hammasi teng. Shu bois bunday savolga hojat yo‘q. Binolar sig‘imi esa 360 tadan 2400 tagacha abituriyentni qamrab oladi.
Va nihoyat, eng muhim masala. Ma’lumki, «Ma’rifat» gazetasi Davlat test markazi bilan hamkorlikda abituriyentlarga yordam berish uchun yangi loyihani boshlagan. Nashr markazda sinovdan o‘tayotgan imtihon fanlari bo‘yicha test savollarini chop etadi. Shuningdek, test savollarini tuzishda foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatini ham taqdim etmoqda. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: xo‘sh, ular qanchalar haqiqiy? Test savollarida ulardan foydalaniladimi?
- Boshqa davlatlar tajribasini kuzatsak, test sinovlarida tushadigan savollar chop etilmaydi, — deydi B.Rajabov. — Lekin biz abituriyentlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishiga yordam ko‘rsatish sifatida o‘xshash savollarni e’lon qilamiz. Ular test markazining rasmiy veb-saytida yoki qaysidir gazeta-jurnalda chiqishi mumkin. Bu abituriyentlarga yo‘llanma berish sifatida qilinadi. Lekin aynan o‘sha savollar tushishiga hech kim kafolat bermaydi. Biz ushbu savollar tushmasligiga harakat qilamiz. Negaki, ular tashqariga chiqarilgan, demakki, foydalanib bo‘lmaydi. Jahon tajribasini olsak, chop etilgan savollar imtihonda tushmaydi. Chunki bu shpargalkalar tayyorlashga zamin yaratadi.