DTM: «Test sinovlari uchun to‘lovni amalga oshirish, test topshirish hududini o‘zgartirish imkoniyati mavjud emas»
2020-2021-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni ro‘yxatga olish 20 iyundan 20 iyulga qadar onlayn tarzda amalga oshirildi.
Keyingi kunlarda Davlat test markaziga abituriyentlar tomonidan to‘lovni amalga oshirish, test topshirish hududini yoki boshqa bir ma’lumotlarni o‘zgartirish to‘g‘risida murojaatlar kelib tushmoqda.
"Hurmatli abituriyentlar va ularning ota-onalari!
Davlat komissiyasining 2-son bayoniga muvofiq belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan, ammo ayrim sabablarga ko‘ra test sinovlarida ishtirok etish uchun to‘lovni amalga oshirishga ulgurmagan abituriyentlarga 13 avgustdan 16 avgustga qadar to‘lovni amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyat berildi.
Hozirda Davlat test markazining bazasiga kiritilgan ma’lumotlar asosida yopiq ish tartibida abituriyentlar uchun test materiallari (test topshiriqlari kitoblari va javoblar varaqalari) shakllantirilmoqda.
Shuningdek, mazkur ma’lumotlar asosida abituriyentlarning taqsimoti amalga oshirilib, ularga test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomalar shakllantirildi hamda 22 avgustdan boshlab abituriyentlarga ruxsatnomalar tarqatilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, bugungi kunda test sinovlari uchun to‘lovni amalga oshirish, test topshirish hududini yoki boshqa bir ma’lumotlarni o‘zgartirish imkoniyati mavjud emasligini ma’lum qilamiz" deyiladi DTM xabarida.