DTM yana bitta sudda yutqazibdi, bu safar kontraktdagi talaba byudjetga o‘tkazilishi kerak. Muammoli test savoli esa yana o‘sha!

Yodingizdami bundan avval Toshkent davlat pediatriya institutiga topshirgan jizzaxlik abituriyent sudda yutgani haqida xabar berilgandi, deb yozmoqda Xushnudbek.uz.

Bu safar yana bir talaba sudda g‘alaba qozonibdi. Kamola Botirova 2018 yilning iyulida Toshkent tibbiyot akademiyasiga hujjat topshirib, shartnoma asosida talaba bo‘lgan edi. Lekin u davlat granti asosida o‘qishi kerakligiga amin bo‘lib, DTMning apellyasiya komissiyasiga shikoyat bilan murojaat qilgan. Lekin DTM o‘tgan safargidek, rad qilgan. Talaba esa sudga bergan.

Yunusobod tuman ma’muriy sudining qaroriga binoan, talaba haq deb topildi va DTMga uning natijalarini qayta hisoblab, talabani byudjetga o‘tkazish majburiyati yuklandi.

Bu voqeaning bir qiziq joyi bor. Ikkala voqeada ham biologiya fanidan bir xil savol xato deya topilgan. Mana o‘sha savol:

Oziq zanjirida vidra (yirtqich hayvon), baliqlar, qisqichbaqasimonlar va suvo‘tlar bor. Uchinchi tartib konsumentlarining biomassasi 32 kg. bo‘lsa, oziq zanjiri barcha komponentlari iste’mol qilgan oziqning umumiy biomassasini (kg.) aniqlang?

A) 35520;

V) 2800;

S) 35552;

  1. D) 12852.

Variantlarning ahvolini qarang! 2 ta variant bir-biriga shu darajada yaqinki, hatto test tuzuvchilarning o‘zi ham to‘g‘ri javobda adashib ketgan. Lekin qolgan 2 ta alternativ javoblar esa yer bilan osmoncha bir-biridan farq qiladi.

Ikkala vaziyatda ham talabalar 35520 variantini belgilagan, DTM esa 35552 ni to‘g‘ri degan. Sud mutaxassislarni jalb qilib, ushbu savolning to‘g‘ri javobini 35520 deb topdi.

Yana bir juda va juda qiziq tomoni — ikkala vaziyatda ushbu savol abituriyentlarga 57-savol bo‘lib tushgan.

Endi boshqa savol: xo‘sh, bu xato savol yana qancha abituriyentning boshiga yetgan ekan-a? Qancha abituriyentning apellyasiyasini DTM nohaq rad qilgan ekan-a? DTM rad qilgach, barcha ham yurak yutib sudga boravermaydiku, to‘g‘rimi? Yoki istihola qiladi, yoki yugur-yugurni xushlamaydi. Lekin bu ularning nohaq ekanligini bildirmaydiku.

O‘tgan safar voqeaga o‘z munosabatimni bildira turib, tizimda ijtimoiy adolatning yo‘qligini aytgandim. Chunki sudda noto‘g‘ri deya topilgan test savoli boshqa minglab abituriyentlarga ham tushgan bo‘lishi mumkin, shu sababli aslida mazkur savolni yechgan va 35520 variantini belgilagan barcha abituriyentlarga ball qo‘shilishi kerak, u apellyasiya bergan yoki bermaganidan qat’i nazar. Chunki DTMning xatosi uchun o‘zgalar jabr chekmasligi kerak. Mana bu - ideal ijtimoiy adolat bo‘ladi!

Albatta bizning sharoitda bu shunchaki xomxayol, utopiya. Hech qachon bunaqa qilishmasa kerak, ortiqcha boshog‘riq kimga ham kerak. Lekin yana ham kim bilsin, hech qachon «hech qachon» demagin deyishganku.

Sudda yutib chiqqan abituriyentlar uchun xursandman!