Dumaloq, qulab tushmaydigan va o‘z-o‘zidan ko‘payadigan toshlar
Tabiat odamlarga juda ko‘p sir va turli jumboqlarni taqdim etadi va toshlar, ehtimol, ularning eng g‘alatisidir. Ba’zi hollarda odamlar biror bir tabiat hodisasining g‘ayritabiiyligidan hayratda qolsa, toshlar bilan bog‘liq hodisalarni tushunish umuman qiyin kechadi.
Bugun fizikaning ma’lum bir qonunlariga zid “harakatlanadigan” sirli toshlar bilan tanishamiz.
Muallaq (osig‘liq) toshlar
Bunday toshlar sayyoraning turli qismlarida uchraydi. Amerikada joylashgan San-Bernardino tog‘larining g‘arbiy qismida juda nozik poydevorda “ilinib” turgan ko‘p tonnali ulkan bloklarning ko‘plab holatlarini uchratish mumkin.
Rasmiy ravishda toshlarning bu ko‘rinishga kelish sababi material qismlarining ming yillar davomida yomg‘irlar o‘pirishi va nurashi tufayli sodir bo‘lgan, deb aytiladi. To‘g‘ri, bu yerdagi manzaraning o‘zi ma’lum bo‘lgan fizika qonunlariga amal qilmasdan kishiga bu qumtoshlar har qanday holatda ham nozik poydevorlar ustidan qulab tushib ketishi kerak, degan fikrni uyg‘otadi.
Ajablanarlisi, muallaq toshlarning barchasi seysmik zonada joylashgan. Ya’ni, ular ko‘p marotaba zilzilalarga bardosh berib, hali ham yiqilmasdan o‘z joyida turibdi. G‘alati tuyulsa-da, olimlarning o‘zlari shaxsan toshlarni silkitib o‘z ma’lumotlarida bu haqda hisob berishdi: toshlar chayqaladi – lekin qulab tushmaydi.
Garchi dunyoda osilib turgan toshlarning boshqa misollari mavjud bo‘lsa-da, bu holat olimlarni hayratda qoldirib keladi. Misol uchun, Rossiyada eng mashhur osig‘liq tosh Yergaki tabiat bog‘ida joylashgan. U tubsizlik ustida qotib qolgan deyarli 600 tonnalik katta palaxsa hisoblanadi. Myanmada esa xuddi shunday tosh bo‘lgan qoya ziyoratgohga aylantirilgan.
Tirik toshlar
“Trovantlar” nomini olgan toshlarning o‘sishi, harakatlanishi va hatto ko‘payishi kabi misollar bor. Bu toshlar Ruminiyaning markaziy qismida “yashaydi”.
Ularning o‘sishi ham, ko‘payishi ham mutlaqo tushunarsiz holat. Boshqa o‘simliklar kabi ular suvdan... aniqrog‘i, yomg‘irdan oziqlanadi. Yomg‘ir davrida trovantlar kattalasha boshlaydi, bu o‘sish ularni tez-tez va tabiiy ravishda harakatga keltiradi.
Shu tarzda ko‘rinmas, nazar ilmaydigan tosh bir necha yil ichida og‘irligi 1 tonna, balandigi esa 10 metrgacha bo‘lgan ulkan yumaloq toshga aylanadi. Qizig‘i, ko‘plab tirik organizmlar, shu jumladan odamlarga xos bo‘lgani kabi ular birinchi bosqichda tezroq o‘sadi, kattalashgach o‘sish tezligi pasayadi.
Trovantlarning ko‘payishi biroz kurtaklanishni eslatadi – odatda bu toshlar namlik eng ko‘p bo‘lgan joyda ko‘payadi va maxsus o‘simta ajratadi. O‘simta “ota-ona”sidan ajralib tushadi va mustaqil o‘sishni boshlaydi. Keyin esa u barcha tirik mavjudotlarning asosiy xususiyatlaridan biriga xos o‘ziga o‘xshagan trovantlarni ko‘paytiradi. Bu tabiatning mo‘’jizasi, shunday emasmi?
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.