Dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanganlar soni 13 milliondan oshdi
14 iyul holatiga koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni dunyo bo‘ylab 13 milliondan oshdi.
Taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga qadar dunyo bo‘ylab 13 238 448 nafar koronavirus holati aniqlangan, 7 582 425 nafar bemor tuzalgan va 571 574 o‘lim holati qayd etilgan.
Eng ko‘p koronavirus holati aniqlangan davlat AQSh bo‘lib qolmoqda. U yerda bugungi kunga qadar 3 413 995 nafar koronavirus yuqtirganlik holati qayd etilgan. AQShdan keyingi o‘rinlarni 1 866 176 nafar kasallanish holati bilan Braziliya va 879 466 nafar kasallanish holati bilan Hindiston band etib turibdi.
3 iyul kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining favqulodda vaziyatlar dasturi direktori Maykl Rayan ayrim mamlakatlarda koronavirus bilan kasallanishning takroriy yuqori nuqtasi kuzatilayotgani, biroq bu ikkinchi to‘lqin emasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u ikkinchi to‘lqin umuman kuzatilmasligi mumkinligini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlardagi kasallanish sonining ortishi - bu birinchi to‘lqinning ikkinchi yuqori nuqtasi va bunday holatlar virus yetarli darajada yo‘q qilinmagan mamlakatlarda sodir bo‘lmoqda.