Dunyo maktablari o‘rtasidagi bizni hayratlantiradigan farq va tafovutlar
Har bir mamlakatning ideal ta’lim jarayoni to‘g‘risidagi o‘z g‘oyasi bor, bu g‘oyalardagi biz bilan bo‘lgan tafovutlar biz tasavvur qilganimizdan ham ko‘proq bo‘lib chiqdi.
AdMe.ru dunyoning turli davlatlaridagi maktablarda bu jarayonlar qanday ishlashini bilib oldi. Quyida bu maktablardagi o‘qitish jarayonlari haqida so‘z yuritamiz.
Fransiyada o‘quv yili sentyabrda boshlanib, iyulgacha davom etadi. Darslar mavzuga qarab 55 daqiqadan 2 soatgacha davom etadi. O‘quv haftasining davomiyligi (chorshanba qisqartirilgan) 5 kundan iborat. O‘quvchilarga uy vazifasi beriladi, sinfdan sinfga o‘tish imtihonlari mavjud.
Fransiyadagi maktablarda ikkinchi yilga qolish yoki sinfdan-sinfga (masalan, 7 dan 9 ga) sakrab o‘tish keng tarqalgan, shu sababli aralash sinflar ham kam emas. Maktablardagi odatdagi tanaffuslardan tashqari, ikki soatlik tushlik (katta) tanaffusi ham yuritilgan: bolalar uyga borib, oilalari bilan tushlik qilib, yana maktabga qaytib kelishi mumkin. Maktabda telefondan foydalanish qat’iyat man etiladi, bolalar tanaffuslarni muloqotda o‘tkazishlari shart.
Yaponiyada o‘quv yili aprel oyida boshlanib martda tugaydi. Darslar boshlang‘ich sinflarda 45, o‘rta va yuqori sinflarda 50 daqiqa davom etadi. Boshlang‘ich maktabda uy vazifasi berilmaydi, yuqori sinflarda esa juda ko‘p.
O‘ziga xos xususiyatlar: darslar soat 8.30 da boshlanadi va kechgacha davom etadi. Aksariyat bolalar qo‘shimcha ta’lim muassasalariga ham qatnashadi, yakshanba kunlari qo‘shimcha berilgan uy vazifasi odatiy ish hisoblanadi. 20 iyuldan 1 sentyabrgacha, 26 dekabrdan 7 yanvargacha va 25 martdan 1 aprelgacha bo‘lgan ta’til kunlari yaponiyaliklar uchun yaxshilab... dars qilish mumkin bo‘lgan vaqtdir.
Isroilda o‘quv yili bizda bo‘lgani kabi sentyabrdan – iyungacha davom etadi.
Darslar davomiyligi 90 daqiqa, 1-6 sinflarda uy vazifasi berilmaydi.
O‘ziga xos xususiyatlar: Bolalar kichkinaligidan umumta’lim maktabga tayyorlanadi, o‘quvchilar yutuq va qobiliyatiga qarab guruhlarga bo‘linadi va qobiliyatidan kelib chiqqan holda fanlar guruhlarga bo‘linib, bolalar turli darajalarda o‘qitiladi.
Xitoyda gavdani to‘g‘ri tutish va bel salomatligi juda muhim hisoblanadi. Shuning uchun erta yoshdan boshlab, bolalar o‘z qad-qomatiga e’tibor berishga o‘rgatiladi.
O‘ziga xos xususiyatlar: Darslar ertalab soat 8.30 da mashqlar bilan boshlanadi, 3-darsdan keyin – ko‘zlar mashqi, 14.00 atrofida yana bir faol harakatlar bilan kunduzgi mashq. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Xitoyda yagona maktab formasi sport kostyumi hisoblanadi.
Hindiston davlati maktablaridagi 35 daqiqalik darslar iyulda boshlanib, maygacha davom etadi. Imtihon va uy vazifalari mavjud.
O‘ziga xos xususiyatlari: Hindistonda ota-onalar farzandlarining imtihon natijalaridan juda xavotirda. Maktab shahodatnomasi hayotda katta imkoniyatlar ochib beradi. Shu bois, kattalar imtihondagi to‘g‘ri javoblarni farzandlariga pichirlab aytib turish maqsadida tez-tez ota-onalarning maktabning yuqori qavatlaridagi deraza panjaralariga chiqib turganliklarining guvohi bo‘lish mumkin.
Avstraliyadagi yanvarda boshlanib dekabrda tugaydigan o‘quv yili to‘rtta chorakka bo‘lingan va Pasxa (aprelda ikki hafta), qit’adagi bahor (sentyabrda ikki hafta) va yoz (dekabr va yanvar)da ta’til beriladi. Sinf rahbari har yili o‘zgaradi, bolalar ham har yili “aralashtirilib” o‘qitiladi.
Kanadadagi 85 daqiqalik darslar ertalab soat 8.15 da boshlanadi, biroq bu hamma uchun majburiy vaqt emas. 8.15 dan 8.45 gacha – bu o‘qituvchi bilan individual muloqot qilish, savollar berish yoki biror muammoni muhokama qilish vaqti. Muammolar va savollar bo‘lmasa, unda bola uzoqroq uxlab keyin maktabga kelishi mumkin.
Italiyadagi maktablarda har o‘quv yili ob-havo va mintaqaga qarab o‘zgaradi.
Bolalar maktabni 2 marta o‘zgartirishi shart - boshlang‘ich maktabdan keyin ular yana birinchi sinfdan boshlanadigan o‘rta maktabga borishadi. Bu maktabda binodan tortib, o‘qituvchilar va sinfdoshlargacha hamma-hamma narsa o‘zgaradi. Bitiruv kechasi o‘rniga “profesorlar bilan kechki ovqat” uyushtirilib, o‘qituvchilar taklif qilinadi. Bunday kechki ovqat pulini talabalar to‘laydi, qoida tariqasida bu pulni ular ota-onalardan olmaydi. Maqsad bolalar allaqachon mustaqil hayotga tayyor ekanligini ko‘rsatishdir.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.