Dunyo voqealari qisqa satrlarda: Bayden Isroil va Ukrainaga yordamsiz qonun loyihasini imzoladi. Zelenskiy "Maydan" tayyorlanayotgandan xavotirda

🔻 AQSh prezidenti Jo Bayden AQSh Kongressining ikkala palatasi tomonidan ma’qullangan federal hukumat ishini Isroil va Ukrainaga yordamisiz vaqtincha moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzoladi.

🔻 Rossiyaning Astraxan shahrida 5 qavatli binoning bir tomoni qulab tushishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, bedarak yo‘qolganlar bor. Birinchi qavatda yashovchi shaxs uyning tayanch qismini o‘zgartirgani bino qulashiga sabab bo‘lgan deb hisoblanmoqda. Mintaqada favqulodda holat rejimi joriy etilgan.

🔻 G‘azoda halok bo‘lganlar soni 11470 nafarga yetdi.

🔻 Isroil politsiyasi 7 oktyabr kuni HAMAS hujumida 260 kishi halok bo‘lgan festivaldan ovoz moslamalarini o‘g‘irlagan besh kishini hibsga olgan. Gumonlanuvchilar hujumdan so‘ng festival o‘tkaziladigan joyga kelishgan va 530 ming dollarlik jihozlarni olib ketishgan.

🔻 AQSh prezidenti Jo Bayden chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xitoy rahbari Si Szinpinni Pekin noroziligiga qaramay, Vashington Tayvanga qurol yetkazib berishni davom ettirish niyati haqida ma’lum qildi. Qurol-yarog‘ yetkazib berishning davom etishi AQShning Tayvanni o‘zini-o‘zi mudofaa qilish qobiliyati bilan ta’minlash istagi bilan bog‘liq, deydi AQSh.

🔻 Zelenskiy Ukrainada yangi “Maydan” tayyorlanayotganidan xavfsiramoqda. Uning fikricha, Ukraina jamiyatida “tartibsizlik” qo‘zg‘ashga urinishlarda Rossiya aybdor. Shuningdek, Zelenskiy G‘arb ittifoqchilari Kiyevga yordam berishni to‘xtatsa, Ukraina armiyasi chekinishiga to‘g‘ri kelishini tan oldi.

🔻 Yerevan davlat universitetida portlash yuz berdi, bir kishi halok bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash sodir bo‘lgan yerto‘lada sanitariya xizmati xodimlari kiyim almashtiradigan kichik xona joylashgan.

🔻 Turkiya parlamenti komissiyasi Shvetsiyaning NATOga kirishi haqidagi protokol muhokamasini keyinga qoldirdi.

🔻 Ozarbayjon maxsus xizmatlari Bokudagi xorijiy davlat elchixonasiga qilingan qurolli hujumning oldini oldi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida qurolli shaxs terrorchilik harakatini amalga oshirish maqsadida Bokudagi xorijiy diplomatik missiyaning ma’muriy binosiga bostirib kirishga uringan.

🔻 Moldova prezidenti Mayya Sanduning iti Avstriya prezidenti Aleksandr Van der Bellenni tishlab olgan. Voqea ikki davlat rahbarlarining Kishinyovdagi uchrashuvidan so‘ng sodir bo‘lgan.

🔻 Britaniya Qirollik qurol-yarog‘lari kolleksiyasidan XIX asrga oid bronza to‘p o‘g‘irlandi. Taxminlarga ko‘ra, o‘g‘rilar qurolga eksponat sifatida emas, balki metallolom sifatida qiziqish bildirgan.