Dunyo voqealari qisqa satrlarda: Iroqda deputatning yaqinlariga qurolli hujum uyushtirildi, Qozog‘istonlik deputat rossiyalik hamkasbini psixiatrga yubordi

🔻 Iroq sharqida mahalliy deputatning qarindoshlariga uyushtirilgan qurolli hujum natijasida 20 dan ortiq kishi halok bo‘lgan yoki yaralangan. Fojia payshanba kuni tushdan keyin Iroqning Diyala viloyatida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum shaxslar avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi moslamani ishga tushirib, so‘ng odamlarni o‘qqa tuta boshlagan. Hujumchilar mahalliy deputat Saloh Zayniyning qarindoshlarini nishonga olgan.

🔻 Moskva va Kiyev o‘rtasidagi qarama-qarshilik yangi bosqichga o‘tmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bayonot berdi. Ukraina Qurolli kuchlarining yozgi hujumi qurol-yarog‘ va shaxsiy tarkib yetishmasligi tufayli kutilgan natijani bermagan. Ammo Ukraina Qurolli kuchlari chekinmayapti va kurashishda davom etmoqda, deydi Ukraina yetakchisi. U Falastin-Isroil mojarosi tufayli Kiyevga yordam kamayishidan qo‘rqishini tan oldi.

🔻 Qirg‘izistonda bozor savdogarlari o‘rtasidagi noroziliklar ketma-ket ikkinchi kun davom etmoqda. Olamedin bozori savdogarlari mitingga chiqqan. 200 dan ortiq tadbirkor nazorat-kassa mashinasi o‘rnatilishiga qarshi. Shuningdek, ular 1 yanvardan bekor qilinadigan patent tizimini saqlab qolishni so‘ramoqda.

🔻Germaniya Rossiyaning Novosibirsk, Yekaterinburg va Kaliningraddagi bosh konsulliklarini yopdi.

🔻 G‘azo sektorida sulh tugaganidan keyin 3 soat ichida 32 kishi halok bo‘ldi.

🔻Rossiyalik deputat Yevgeniy Fedorovning Qozog‘iston “butunlay qonuniy bo‘lmagan hudud” degan bayonotiga parlament deputati Marat Boshimov qattiq javob qaytardi. Boshimov Fedorov 13 yoshli boladek aql-zakovatga ega va unga ruhiy jarohatni psixiatrda davolashni maslahat berdi. Parlament a’zosining aytishicha, Qozog‘iston suvereniteti va hududiy yaxlitligi haqidagi yolg‘on, provokatsion bayonotlari bilan tanilgan Fedorov yana shov-shuv qilishga qaror qilgan. Boshimov rossiyalik hamkasblarini juda nozik siyosiy mavzularda chiqishdan oldin o‘ylab ko‘rishga chaqirdi.

🔻 Moskvada ozarbayjonlik tadbirkorlarning “Sadovod” bozori yonib ketdi. Jarohatlanganlar bor.

🔻 Ilon Mask reklama beruvchilar bilan kelishmayapti. Mask reklama beruvchilarni haqoratli so‘zlar bilan uni shantaj qilishda ayblagan. Ilon Maskning platformadagi antisemitizm deb baholangan bayonotlari tufayli "X" ijtimoiy tarmog‘ida reklama berishdan bosh tortgan kompaniyalar bilan ziddiyat avj olgan.