Dunyo voqealari qisqa satrlarda: Istanbuldagi turar-joy binosida portlash, Ukraina alyans a’zoligiga yaqin, Rossiya bilan o‘yindan bosh tortgan futbol jamoalari
🔸 Istanbuldagi turar-joy binosida gaz sizishi oqibatida portlash yuz berdi, oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi jarohatlangan.
🔸 Putin 30 sentyabrni Rossiya bilan yangi hududlarni birlashtirish kuni deb tasdiqladi.
🔸 Gruziya aholisining aksariyati – so‘rov ishtirokchilarining 62 foizi prezident Salome Zurabishvilining impichmentiga qarshi chiqqan, 38 foizi esa yoqlagan.
🔸 Niderlandiyadagi Rotterdam shahrida jinoyatchi avval aholi uylarida, so‘ngra tibbiyot markaziga kelib o‘t ochgan. Uch kishi, jumladan, 14 yoshli qiz halok bo‘lgan.
🔸 NATO Ukrainaga o‘q-dorilar va’da qilmoqda. Shimoliy Atlantika alyansi Ukrainaga yana 2,5 milliard dollarlik o‘q-dori va jihozlar yetkazib berishni rejalashtirmoqda. NATO bosh kotibi Stoltenberg, Fransiya va Buyuk Britaniya mudofaa vazirlari Ukraina hukumatini Rossiya agressiyasiga qarshi turishda davom etishlariga ishontirmoqda.
🔸 Tog‘li Qorabog‘ni 84,7 ming arman tark etdi. Boku Qorabog‘ning tinch aholisi xavf ostida emasligini ta’kidlamoqda.
🔸 Germaniya kansleri Olaf Shols juma kuni Berlinda Markaziy Osiyoning besh davlati prezidentlari bilan uchrashadi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston rahbarlari Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat rahbari bilan ilk bor qo‘shma muzokaralar o‘tkazadi.
🔸 Respublikachilar partiyasining ikkinchi saylov bahsi Kaliforniyada o‘tdi. Respublikachilar partiyasidan nomzodlik uchun kurashda yetakchi, sobiq prezident Donald Tramp bahslarni pisand qilmadi, shekilli, ishtirok etmadi, deyiladi "Euronews"da.
🔸 Norvegiya UYeFAning Rossiyadan 17 yoshgacha bo‘lgan jamoalarga ruxsat berish qaroriga qaramay, Rossiya futbol jamoalari bilan o‘ynashdan bosh tortganini e’lon qilgan davlatlar qatoriga qo‘shildi. Avvalroq Angliya, Polsha, Shvetsiya, Daniya, Latviya, Litva va Ukraina boykot e’lon qilgan edi.