Dunyo voqealari qisqa satrlarda: Qozog‘istonning asosiy aviakompaniyasi jarimaga tortildi. Yevropaning uch davlati Kiyevga yordam berishni to‘xtatmoqchi
🔻 Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Xalqaro jinoiy sudda sud qilish kerakligini aytdi. Avvalroq Erdo‘g‘on Netanyahu tez orada "lash-lush"ini yig‘ishtirib, mamlakatni tark etishini istisno etmagan edi.
🔻 Isroil mudofaa kuchlari bir necha minomyotdan otilgan snaryadlarga javoban Livanni o‘qqa tutgan.
🔻 Tahlilchilar prognozi: 2030 yilga kelib Rossiyada kadrlar tanqisligi 2-4 million kishiga yetishi mumkin. Na ish haqini oshirish, na muhojirlarni jalb qilish muammoni hal qilishga yordam bermaydi. Eng katta kamomad o‘rta kasb-hunar va oliy ma’lumotli shaxslar orasida bo‘ladi.
🔻 Olma-ota shahri sudi Air Astana aviakompaniyasini monopol mavqeini suiiste’mol qilgani uchun 876 million tenge (1 million 800 ming dollar) miqdorida jarimaga tortdi. Aviakompaniya chiptalar narxiga yonilg‘i uchun qo‘shimcha haqni asossiz ravishda kiritgan. Hozirda aviakompaniyaning 51 foiz ulushi Qozog‘istonning “Samruk-Kazina” jamg‘armasiga, 49 foizi esa Britaniyaning BAE Systems kompaniyasi sho‘’ba korxonasiga tegishli.
🔻 Indoneziyadagi "Merapi" vulqoni otilishi natijasida 11 sayyoh halok bo‘ldi. Yana kamida 12 kishi bedarak yo‘qolgan.
🔻 Uch mamlakat Ukrainaga moliyaviy yordam berishdan bosh tortishni ko‘rib chiqmoqda: Vengriya, Niderlandiya va Shvetsiya. Bunday rejalar Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Gollandiya Ozodlik partiyasi rahbari Geyert Vilders tomonidan ishlab chiqilayotgani aytilmoqda. Shuningdek, Kiyevni Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish imkoniyatidan mahrum qilish g‘oyasi ham muhokama qilinmoqda.
🔻 BAA suv tanqisligini bartaraf etish uchun 150 million dollar ajratadi. Bu haqda BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (COP28) ishtirokchilarining 28-konferensiyasi raisligida ma’lum qilingan.
🔻 Paragvay deputati samolyot halokatida halok bo‘ldi. Mamlakat sharqida kichik samolyot qulashi oqibatida yana uch kishi halok bo‘lgan.
🔻 Eyfel minorasi yaqinidagi Grenel qirg‘og‘i hududida bir kishi pichoq va bolg‘a bilan yo‘lovchilarga hujum qilgan, natijada nemis sayyohi halok bo‘lgan. Hujumchi politsiya tomonidan qo‘lga olinmaguncha, u yana ikki kishini yaralashga ulgurgan.
🔻 Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainada g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Kiyevni harbiy resurslar bilan ta’minlashni davom ettirishga tayyor. Bu haqda Pentagon rahbari Lloyd Ostin Kaliforniyada milliy mudofaa bo‘yicha Reygan forumidagi chiqishida ma’lum qildi. U Rossiya-Ukraina urushini NATO ittifoqchilariga chaqiruv va "qoidalarga asoslangan xalqaro tartibga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum" deb atadi.
🔻 Nyu-York Comex birjasidagi savdo ma’lumotlariga ko‘ra, oltinning narxi tarixda birinchi marta unsiya uchun 2100 dollardan oshdi.