Dunyo voqealari qisqa satrlarda: Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi endi bo‘lmaydi, Dog‘istonda politsiyachi otishma qurboni, Volkswagen elektromobillar chiqarishni to‘xtatdi

🔸 SHOT: Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi 2024 yil 1 yanvardan tugatiladi, barcha davlat institutlari yopiladi – tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi rahbari Samvel Shahraman shunday hujjat imzolagan.

🔸 Dog‘istonda otishma ro‘y berdi. Ikki kishi, jumladan politsiyachi halok bo‘lgan. Otishmada ishtirok etgan uchta shaxs qo‘lga olingan.

🔸 KXDR “mintaqadagi barqarorlikni” himoya qilish hamda “rivojlanish huquqlarini kafolatlash” maqsadida mamlakat yadroviy kuchlarini “jadal rivojlantirish” borasida konstitutsiyaga o‘zgartirishlarni ma’qulladi.

🔸 Vaqtincha bosib olingan Qrim asta-sekin Ukraina kuchlari nazoratiga o‘tmoqda. Bu haqda telemarafon chog‘ida Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ma’lum qildi. Gap Kerch bo‘g‘ozini o‘t ochib olish va Qrim yarimorolidagi ruslarning ulkan ombor infratuzilmasini yo‘q qilish haqida ketmoqda.

🔸 Bugun Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an raisligida Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda ilk bor Turkiya qurolli kuchlarining yangi tayinlangan qo‘mondonlari ishtirok etib, Ozarbayjonning Qorabog‘dagi muvaffaqiyatli aksilterror choralari va boshqa mintaqaviy tadbirlar muhokama qilinadi.

🔸 Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasida qurol-yarog‘ bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Qo‘shma Shtatlar rasmiylariga ko‘ra, Kim Chen In va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuvda tomonlar qurol-yarog‘ yetkazish bo‘yicha kelishishgan.

🔸 AQSh Isroil fuqarolari uchun viza rejimini bekor qildi.

🔸 AQSh Kongressi Vakillar palatasining demokratlar va respublikachilar partiyasi byudjet loyihasiga Ukrainani moliyalashtirishni qisqartiruvchi uchta tuzatishni rad etgan.
Mamlakat Davlat departamenti va Mudofaa vazirligida Ukrainaga qurol yetkazib berish borasida turlicha nuqtai nazar shakllanmoqda. Davlat departamenti yangi qurollarni yetkazib berish imkoniyatlarini faol o‘rganmoqda, Pentagon esa bunga “ehtiyotkorlik” bilan qaramoqda. Bunda Ukraina ehtiyojlari mojaroning kengayishi xavfini hisobga olgan holda ko‘rib chiqilishi aytilmoqda.

🔸 Germaniyaning Volkswagen Group kompaniyasi talab kutilganidan past bo‘lganligi sababli oktyabr oyida ikkita elektromobil modelini ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Sentyabr oyi o‘rtalarida kompaniyaning Svikkaudagi zavodida talab pastligi sababli 269 nafar xodimni ishdan bo‘shatgan edi.