Dunyo voqealari qisqa satrlarda: Zelenskiy: "Urush qancha davom etishini hech kim bilmaydi". Nazarboyevning jiyaniga tegishli mablag‘ Qozog‘istonga qaytarildi
🔻 Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning qariyb ikki yillik bosqinidan keyin Rossiya bilan urush qachon tugashini “hech kim” aniq aytolmasligini aytdi.
🔻 Fransiya qishloqlari suv toshqini tufayli tashqi dunyodan uzilib qolgan. Bunga Sharenta daryosining toshib ketishiga olib kelgan kuchli yomg‘ir sabab bo‘lgan. Suv sathi 6,09 metrgacha ko‘tarilgan. Sente shahrida o‘ttizga yaqin ko‘cha suv ostida qolmoqda.
🔻 AQSh, Yevropa Ittifoqi va NATO xusiy harbiylarini Qizil dengizdagi hujumlarni to‘xtatishga chaqirmoqda. AQSh Qizil dengizda Yamanning xusiy jangarilari tahdidiga qarshi kurashish uchun xalqaro koalitsiya tuzmoqda. Qizil dengizda tijoriy yuk tashish xavfsizligini ta’minlash uchun maxsus operatsiya boshlangan. Xusiylar vakili Muhammad Abdul-Salom esa hujumlarni to‘xtatmasligi va yamanlik isyonchilar G‘azo sektoridagi Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytgan.
🔻 "Putin g‘alaba qozonsa nima bo‘ladi?". Kiyevga yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli Yevropa davlatlari Ukrainaning Rossiya bilan urushdagi ehtimoliy mag‘lubiyati oqibatlarini, jumladan, Moskvaning Sharqiy Yevropadagi NATO a’zolari uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni qayta baholashni ko‘rib chiqishni boshlagan.
🔻 Amerika shtatlaridan biri - Kolorado Donald Trampga prezidentlik saylovlarida qatnashishni taqiqladi.
🔻 Bugun Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Ma’lum qilinishicha, mamlakatrning uchinchi prezidenti o‘zi davolanayotgan klinikadan onlayn tarzda yig‘ilishga qo‘shiladi. Eslatib o‘tamiz, Saakashvili 2021 yil sentabr oyi oxirida Ukrainadan yashirincha Gruziyaga qaytgan va 1 oktyabr kuni Tbilisidagi kvartiralardan birida hibsga olingan edi.
🔻 Qozog‘istonning Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldiulining noqonuniy ravishda olingan 120 million dollari mamlakatga qaytarilganini ma’lum qildi. Bu mablag‘ davlatga yetkazilgan zararni qoplash uchun respublika byudjetiga yo‘naltirildi, deyiladi xabarda. O‘tgan dam olish kunlari esa Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev Moskvada Putin bilan uchrashgani ma’lum qilindi.
🔻 Qirg‘iziston parlamenti deputatlari respublika davlat bayrog‘i dizaynini qisman o‘zgartirish to‘g‘risidagi taklifni ma’qulladi.
🔻 Kanadada 2035 yildan boshlab faqat elektr transport vositalarini sotishga ruxsat beriladi.
🔻 Hindiston yaqin bir necha oy ichida Armanistonga o‘zining “Akash” zenit-raketa komplekslarini (SAM) yetkazib berishni boshlash niyatida. Armaniston ushbu havo mudofaa tizimlarini Hindistondan 600 million dollarga sotib olgan.
🔻 "Jeyms Uebb" kosmik teleskopi aql bovar qilmaydigan tasvirlarni yubordi. Ushbu suratda Uran sayyorasi tasvirlangan. Yangi tasvir Quyoshdan yettinchi sayyoraga birinchi qarashni shunday batafsil taqdim etadi - tasvir butunlay infraqizil nurda, 2,1 va 4,6 mikron to‘lqin uzunliklarida olingan. Halqalardan tashqari, Uranning ba’zi yo‘ldoshlari (jami 27 ta) va sayyoraning qutb qopqog‘i ko‘rinadi. Uran qattiq yuzaga ega bo‘lmagan gazli gigantdir, shuning uchun uning qutbli hududlari Yerdagi kabi qor bilan qoplanmagan, lekin ko‘p miqdorda muz kristallari bo‘lgan aerozolga to‘la.