Dunyoda 1 soniyada qancha narsa sodir bo‘ladi?
Bir soniya biz uchun ahamiyatsiz vaqt birligi bo‘lib tuyuladi, shuning uchun uni e’tiborsiz qoldiramiz. Masalan, filmlarda portlash arafasida turgan bombaning bir daqiqadan kamroq vaqti qolganida, soniyalar juda kerakli va qimmatli ko‘rinadi. Dunyomiz shunchalik katta va xilma-xilki, hatto bir soniya ichida hayotga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan ko‘plab muhim va keng ko‘lamli voqealar sodir bo‘lishi tabiiy hol.
Tanamizda millionlab kimyoviy jarayonlar sodir bo‘ladi
Inson hatto internetda qiziqarli video izlayotganida, har soniyada uning tanasi hayotni saqlab qolish uchun bir necha million sintetik va kimyoviy reaksiyalarni amalga oshiradi. Bu jarayonlar metabolizm deb ataladi.
Rossiyada 17 ming litr pivo iste’mol qilinadi
Bu yiliga 8 milliard litrga teng. Va bu hali rekord emas: Chexiya, Irlandiya va yana 15 ga yaqin boshqa mamlakatlar pivo iste’moli bo‘yicha Rossiyani ortda qoldiradi.
Hasharotlar yuz martalab qanot qoqadi
Asalarilar sekundiga 200 dan 440 martagacha, pashshalar 350 tagacha, chivinlar esa 500 dan 1000 martagacha qanot urib, qon so‘ruvchilarning odamni bezovta qiladigan ovozini yuzaga keltiradi.
Taxminan 7,8 million kub/metr suv sarflanadi
Har bir kishi yiliga o‘rtacha 500 kub/metr suv sarflaydi. Agar bu raqam har bir Yer aholisi (8 milliard)ga ko‘paytirilsa va soniyalarga bo‘linib chiqilsa, har soniyada tabiatdan taxminan 7,9 million/kubometr suv olinishi aniqlanadi.
Albatta suv iste’moli notekis taqsimlangan. Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining janubiy boy shtatlarida Afrikaga qaraganda bu bir necha baravar ko‘p.
Taxminan 4,5 kishi tug‘iladi va 2 kishi vafot etadi
“Worldbirthsanddeaths” servis xizmati butun dunyo bo‘ylab haqiqatga yaqin bo‘lgan taxminiy tug‘ilish va o‘lim statistikasini taqdim etdi.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda rivojlangan mamlakatlardagi tug‘ilishning pasayishi tufayli ko‘plab joylarda tug‘ilishga qaraganda o‘lim darajasi oshib ketganligi qayd etilgan.
Bu ko‘rsatkichlar butun dunyo bo‘yicha o‘rtacha qiymatni ifodalab beradi. Aholining o‘sishi asosan rivojlanayotgan mamlakatlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Dunyo bo‘ylab 41 tonna oziq-ovqat tashlab yuboriladi
Ba’zi mamlakatlarda ochlik muammosi juda keskin sezilib turgan bir paytda, ravnaq topgan mamlakatlarning chiqindi konteynerlarida har soniyada 40 tonnaga yaqin oziq-ovqat yo‘q qilinadi.
Aniqlik uchun: rivojlangan mamlakatlar aholisi kuniga o‘rtacha 1,5 kilogramm oziq-ovqat iste’mol qiladi. Kambag‘al mamlakatlarda bu ko‘rsatkich ancha past. Har soniyada tashlangan oziq-ovqat 27 000 dan ortiq odamni kunlik ratsion bilan ta’minlashi mumkin edi.
“YouTube”da 45 ming video tomosha qilinadi
Bu tomoshalarning aksariyati, bolalar uchun mo‘ljallangan “Tururu” akulasi haqidagi qo‘shiq va multfilmlar hissasiga to‘g‘ri kelsa ajabmas...
Dunyo bo‘ylab 17 000 shisha Koka-Kola sotiladi
Agar yarim litrli shishaning narxini o‘rtacha 0,62 dollarga teng deb hisoblasak, har soniyada Koka-Kola kompaniyasi 11,5 ming dollargacha daromad olishi mumkin ekan.
Aeroportlarda 40 ga yaqin samolyotlar havoga ko‘tariladi
Har soniyada 35 ga yaqin samolyot, kuniga esa taxminan 12 000 yo‘lovchi samolyoti osmonga ko‘tariladi. Kichik samolyotlar, yuk va harbiy samolyotlarni hisobga oladigan bo‘lsak, u holda har kuni 50 mingga yaqin samolyot havoda bo‘ladi: ular juda ko‘p odamlar va yuklarni tashish bilan birga, atmosferaga katta miqdordagi yoqilg‘ini chiqarib tashlaydi.
Okeanlarga taxminan 1,5 tonna plastik tushadi
Bu xunuk yutuq insoniyat chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlashga yetarlicha e’tibor bermayotgani bilan bog‘liq.
Natijada, Tinch okeanida Mo‘g‘uliston hududi bilan solishtirish mumkin bo‘lgan 1,5 million kvadrat kilometrgacha cho‘zilgan "Tinch okeanining buyuk axlat isnodi" paydo bo‘ldi.
Milliarderlar minglab dollarga boy bo‘lishadi
Masalan, Amazon asoschisi Jeff Bezos sekundiga 3600 dollar ishlab oladi, bu esa unga 177 milliard dollar boylik to‘plash imkonini berdi.
Yana bir taniqli milliarder Bill Geyts sekundiga taxminan 4600 dollar ishlab topadi va uning daromadi taxminan 130 milliard dollarni tashkil qiladi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.