Dunyodagi eng bema’ni sud protsesslari
Sud – adolat tiklanadigan joy. Lekin ba’zida odamlar foyda olish uchun sudga bema’ni da’volar bilan murojaat qilishadi. Juda uzoq vaqt dush qabul qilsa nima bo‘ladi yoki 6 yoshli o‘g‘li orqali qanday qilib qonuniy ravishda yarim million dollardan ko‘proq pul ishlab olish mumkin? 2002 yilda AQShda so‘nggi 5 yil davomida eng tuturiqsiz sud da’volari uchun berilgan Stella mukofoti ta’sis etilgan.
Bugun ularning ba’zilari bilan tanishamiz.
Oh, bu stakanlar!
G‘alati sud ishlari orasida Stella Libekning ishi alohida o‘ringa ega. 1992 yilda AQShda 79 yoshli nafaqaxo‘r McDonald’s ustidan da’vo qilib, 2,5 million dollar undirishga muvaffaq bo‘ldi. Ayol o‘z ustiga bir stakan qahvani tushirib yuborib jiddiy jarohat oldi. Dastlab Libek muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishga urinib ko‘rdi: u 20 ming dollar tovon puli so‘radi, restoran unga rad javobini bergach, ish sudgacha yetib bordi. Sud maslahatchilari McDonald’s aybdor degan qarorga keldi, ularning fikriga ko‘ra stakan ustiga kofe issiq ekanligini yozib qo‘yish kerak ekan. Shundan so‘ng ayol foydasiga tarmoqning qahva sotishdan tushgan ikki kunlik daromadiga teng tovon puli va jarima tayinlandi.
Oyog‘imni sindirganing uchun rahmat, o‘g‘lim!
Divan tanlash juda xavfli ish bo‘lishi mumkin. Texaslik fuqaro mebel do‘konida yugurib kelayotgan bola bilan to‘qnashib ketdi, natijada uning oyog‘i sindi. Sud do‘kon egalarini bolalar uchun alohida o‘yin xonasi yaratmaganlikda aybdor deb topib, ayolga 780 ming dollar tovon puli undirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Hodisa sababchisi bo‘lgan bolakay jabrlanuvchining o‘g‘li edi, biroq masalaning bu tomoni sudni umuman qiziqtirmagan.
Dushga “limit”
Nafaqat AQShda, balki boshqa joylardagi sudlarning ba’zi qarorlari kulgili va muhokamalar sababchisi bo‘lishi mumkin. 2008 yilda Rossiyaning Kemerovo oblastidagi kommunal kvartira yashovchisi uzoq cho‘milgani uchun o‘z qo‘shnilarini sudga berdi. Sud da’voni qanoatlantirdi va qo‘shnilar uchun yuvinish chegarasini belgiladi – 20 daqiqa! Sud ijrochilari qaror bajarilishini qanday tekshirganligi va “limit”dan oshgan qo‘shnilarga qanday jazo choralari ko‘rilishini taxmin qilish mumkin xolos.
Ajrashayapmiz: konfetlarimni qaytar!
Yekaterinburglik bir juftlikning ajralish amaliyoti odamlarga nafaqat nikoh qayd etishda, balki fuqarolik munosabatlarda ham ham shartnomalar joriy etish lozimligi haqida o‘ylashga undaydi. Erkak sud orqali sobiq sevgilisidan unga barcha sovg‘alarini qaytarishni talab qildi. Ro‘yxatga olmosli uzuklar, qimmatbaho mashinalar, hatto markali sumkalar ham... kirgan emas. Bular o‘rniga “Qush suti” shirinligi, shokoladli konfetlar (bo‘lganda ham, oddiy emas yong‘oqlisi), besh dona olma, termometr, yetti juft poshnasiz sariq botinka (sakkizinchisini maxsus bayram uchun saqlab qo‘ygan bo‘lsa kerak), xo‘jalik sumkasi va shunga o‘xshash yana bir necha “qimmatbaho” narsalar bor edi.
Sevgilisi esa ajralish paytigacha barcha yeguliklarni yeb, poyabzallarni kambag‘al kishilarga tarqatib bo‘lgan ekan. Sud da’vogarga bundan buyon bo‘lg‘usi sheriklari bilan oldindan barcha shirinliklarni qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib borish kerakligini qo‘shimcha qilib, da’voni qondirishdan bosh tortdi. Noqulay ahvolga tushib qolmasligi uchun fuqaroga advokatlar yordamida shartnoma tuzish ma’qulligi tavsiya qilindi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.