Dunyodagi eng qimmatbaho toshlar

Uzoq vaqt davomida olmos noyob qimmatbaho tosh hisoblanib kelingan. Hozirgi kunga kelib odamlar yiliga 10 tonnaga yaqin olmos qazib olishmoqda. Savol tug‘iladi: bu qimmatbaho tosh ishonilganidek haqiqatan ham kamyobmi? Toshlarning qattiqligi va zichligi qanday tekshiriladi? Karat nima? Olmosning brilliantdan nima farqi bor?

Minerallar qattiqligini aniqlash miqyosi va usuli 1811 yilda nemis minerologi Fridrix Moos tomonidan taklif qilingan. Toshlar gramm yoki kilogrammda emas, balki karatlarda o‘lchanadi, karat esa og‘irligi va hajmiga qarab belgilanadi. Masalan, 0,2 grammlik tosh 0,50 karat, tegishincha karat oshgani sayin, toshning hajmi ham oshadi.
Bugun haqiqatan ham qimmatbaho toshlar to‘g‘risida so‘z yuritamiz. Bu ro‘yxatga kiritilgan minerallarni ko‘rib hayron qolishingizga ishonchimiz komil.

Sapfir (Yoqut)

Qadim zamonlardan beri odamlar tomonidan qadrlab kelingan qimmatbaho toshning bir karati 4-6 ming dollar oralig‘idagi bahoga teng. U yuqori qattiqlikka ega va minerallar yuzasining nisbiy qattiqligini belgilaydigan o‘n balli Moos shkalasi bo‘yicha 9 ballga yetadi. Ehtimol, undan faqat  yuqorida nomi keltirilgan olmos kuchliroqdir. To‘q ko‘k rangli sapfir esa toshning eng nodir turi hisoblanadi. Biroq, boshqa ko‘plab ranglari ham qimmatbahodir. Sapfir turli mamlakatlarda qazib olinadi.

Zumrad

Moos bo‘yicha 7,5-8 ballga ega qimmatbaho toshning bir karati 6-8 ming dollarga teng. Zumrad toshlarining katta qismi Kolumbiya va Zambiyada qazib olinadi.

Aleksandrit

Bu qimmatbaho toshning bahosi bir karat uchun 10-15 ming dollar oralig‘ida bo‘lib, u Moos shkalasi bo‘yicha 8,5 ballga ega. Ushbu javohirotning eng hayratlanarli tomoni shundaki, u yorug‘likka qarab o‘z rangini o‘zgartirishi mumkin. Aleksandrit birinchi marta 1833 yilda O‘rta Uralda topilgan.

Turmalin Paraiba

Murakkab tarkibli bu chiroyli qimmatbaho toshning bir karati 12-15 ming dollar oralig‘ida baholanadi. Bor-yo‘g‘i 35 yil avval topilgan tosh zichligi  7,5 ballga teng. Rasmda neon ko‘k rangga ega turmalinning maxsus turi ko‘rsatilgan. Ushbu qimmatbaho tosh turli mamlakatlarda qazib olinadi.

Olmos

Bir karat olmos 10 mingdan 17 ming dollargacha baholanadi. Qimmatli tosh Moos shkalasi bo‘yicha eng yuqori 10 balli qattiqlikka ega. Tushunib olganingizdek, bu juda kam uchraydigan tosh emas, biroq u juda qadrlanadi, chunki o‘z go‘zalligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda bu mineral deyarli barcha mamlakatlarda qazib olinadi. Aytgancha, agar olmos qirralangan bo‘lsa, shunda u brilliant deb nomlanadi. U - haqiqiy san’at asari.

Rubin (yoqut, la’l)

Moos bo‘yicha 9 ball zichlikka ega rubinning bir karati 15-18 ming dollar baholanadi. Shuni ta’kidlash kerakki, rubin va sapfir qimmatbaho toshlarning bir xil “korund” turidir, biroq kamdan-kam uchraydigan rubin 3 barobar qimmat turadi. Ushbu toshning talabgori ham juda ko‘p. Demak, ehtiyoj bor joyda, taklif ham mavjud.

Padparaja sapfiri

Shri-Lankadagi singal tilidan uning nomi quyosh botishidagi seylon osmoni va nilufar guli uyg‘unlashgan ranglar jilosini anglatadi. Qimmatbaho toshning bir karati 18 mingdan 20 ming dollar oralig‘ida baholanadi. Bu oddiy sapfir emas, balki uning noyob turidir. O‘ziga xosligi esa bu tosh pushti-to‘q sariq rangga ega. Ushbu ziynat buyumi ko‘plab mamlakatlarda topilgan. Lekin Shri-Lankada qazib olinadigani eng sifatlisi hisoblanadi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.