Dunyodagi eng xavfli ko‘priklar: Ular ustidan o‘tishga jur’at eta olasizmi?
Ko‘priklar insoniyat tarixidagi ajoyib qurilish ixtirolaridan biridir. Ular insonlarga uzoq aylanmalarsiz va daryolarga cho‘kib ketish xavfiga duch kelmasdan uzog‘ini yaqin qilib, bir mintaqadan ikkinchisiga ko‘chib o‘tishga imkon beradi.
Lekin ba’zi tashlandiq ko‘priklar hanuzgacha sayyohlar va sarguzashtlar ishqibozlarini o‘ziga jalb qilib kelmoqda.
Bugun sizlarni bir ko‘rishda kishi hayratini oshirib, etini junjiktiradigan ko‘priklar bo‘ylab sayr qilishni taklif qilamiz.
Husayniy osma ko‘prigi (Pokiston)
Husayniy osma ko‘prigi dunyodagi eng xavfli ko‘priklardan biri sanaladi. Buning sababini tushunish uchun ushbu fotosuratni hatto sinchiklab ko‘rish shart emas.
Bu arg‘amchidan qilingan ko‘prik Pokistondagi Xunza daryosi yuqorisidagi Borit ko‘lini kesib o‘tadi. Ko‘prik ayanchli ahvolda, uning ustidan yursangiz qattiq tebranadi. Bir noto‘g‘ri qo‘yilgan qadam quyida joylashgan Hunzaga tushirib yuboradi. Shunga ham qaramay jasur (yoki ahmoq...) sayyohlar ko‘prikdan o‘tish orqali o‘zlarini sinab ko‘rishni yaxshi ko‘radilar.
Langkavi Skay Brij (Malayziya)
Malayziyadagi bu qiziq ko‘prik yerdan 120 metr balandlikda joylashgan va ta’mirlash bahonasida bir necha bor yopilgan. Qayta ochilishi ham bir necha marta qoldirilgan. Garchi uning atrofida sayr qilishni xohlaydiganlar kam bo‘lsa-da hozirda u tashrif buyuruvchilar uchun ochiq.
Langkavida ko‘prik qulashi mumkinligi to‘g‘risida mish-mishlar tarqalgan. Albatta, u xavfli, biroq tavakkalchilar uning ustidan o‘tish fikridan qaytmayapti.
Yetti milli Devko‘prik (Florida, AQSh)
Yetti milli ko‘prikning uzunligi... to‘g‘ri...7 milya (11,2 km). Floridada joylashgan 8 ta arxitektura mukofotiga sazovor bo‘lgan bu ko‘prikning qurilishi tugallangan paytda u dunyodagi eng uzun ko‘priklardan biri bo‘lgan.
Ko‘prik unchalik qo‘rqinchli ko‘rinmasligi mumkin, biroq bu yerdagi tez-tez bo‘lib turadigan kuchli bo‘ron paytida uning o‘rtasida qolib ketish fikri kishini dahshatga soladi.
O‘lmaslar ko‘prigi (Xitoy)
Bu ko‘prik Xitoyning Anhuy provinsiyasi janubidagi Xuanshan tog‘ tizmalarini kesib o‘tadi. Bosh aylanishini qo‘zg‘atadigan ko‘prikda yurish qo‘rqinchli, lekin unda turib tevarakni tomosha qilish serhavas va qiziquvchanlar uchun rag‘batdir. Unda olingan fotosuratlar esa mutlaqo o‘zgacha.
Eshima Oxasi ko‘prigi (Yaponiya)
Ushbu ko‘prik kishini o‘ziga nihoyatda maftun qiladi. Biz unga me’mor sifatida baho bera olmaymiz, biroq, u fizika qonunlarini buzayotganga o‘xshaydi.
Qurilishi yetti yil davom etgan Yaponiyadagi eng katta va dunyodagi uchinchi yirik ko‘prikning balandligi 44 metr, qiyaligi esa 6,1 foizni tashkil etadi.
Rostini aytganda, bu “maxluq”ning orqasiga minish xavfidan ko‘ra, manziliga kech qolsa-da, daryodan kemada suzib o‘tgan ma’qulroq. Mashinalarning bunday tik qiyalikdan pastga tushib kelishi fizikaning sehrli fan ekanligini yana bir bor isbotlab beradi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.