Dunyodagi eng xavfli turistik yo‘nalishlar

Bizning Yerimiz nihoyatda go‘zal, biroq uning go‘zalligi bilan birga xavfli va halokatli oqibatlarga olib keladigan joylari ham ko‘p. Kimdir bu joylarda sayohat qilishga intilsa, boshqalari yashashga va har kuni tabiat bilan kurashishga tayyor ekanligiga ishonish qiyin.
AdMe.ru  sayti dunyo  bo‘ylab sayyohlarning alohida guruhlari tomonidan qadrlanadigan, omon qolishga chidamlililik, topqirlik va mahorat talab qiladigan xavfli diqqatga sazovor burchaklar ro‘yxatini e’lon qildi. Bu yerlardagi sohillarda sokin dam olib, o‘z ta’tilingizni tinchgina o‘tkaza olmasligingiz aniq.  

Danakil cho‘li, Eritreya

Qaynab turgan oltingugurt kislotasi va gazlar, jazirama issiq hamda qaynab turgan shiddatli lava – bu do‘zaxning qisqacha tafsifi emas, balki Afrika Eritreyasidagi Danakil cho‘li. Bu yerning har qadamida faol vulqonlar bor, yer ostidan zaharli geyzerlar otilib turadi. Qo‘rqinchli joy, lekin uning nihoyatda go‘zalligi bu yerga sayohatchilarni jalb qiladi. Agar siz Danakilni ko‘rishga qaror qilsangiz, bu yerga tajribali yo‘l ko‘rsatuvchisiz sayohat qilish qat’iyan man etiladi.

«Fillar qirolligi», Chonburi, Tailand

Qirollikdagi timsoh fermasida sayyohlarga timsohlarni ustidan suzib o‘tish va hatto ularga ovqat berish uchun kichik, plastik bochkalar ustida o‘rnatilgan juda yupqa yog‘ochdan yasalgan, yarim yopiq sol(kemacha)ni ijaraga beradi. Sayyohlarga timsohlarni boqish uchun maxsus qarmoqlar beriladi. Reptiliyalar esa o‘ziga berilayotgan yemni olish uchun suvdan deyarli sakrab chiqishadi. Ularga qarab to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘siqqa osilib, timsohlarni masxara qilishdan toymaydigan jasur sayyohlar ham topiladi…

Vashington tog‘i, AQSh

Sayyoradagi eng kuchli shamollar esadigan joy bu - Vashington tog‘ining tepasi. Bu yerda qayd etilgan maksimal tezlik 327 km/soatni tashkil qiladi, bu ba’zi tezyurar poyezdlar tezligidan ham kattaroqdir. Shamol tezligiga 40 daraja sovuq harorat va doimiy qor yog‘ishini qo‘shsak, bu joydagi sharoitlar chidab bo‘lmas darajada og‘irligini bilib olamiz. Tog‘ning balandligi 1917 metr bo‘lishiga qaramay, uning cho‘qqisiga chiqqan odam (ha, bundaylar topiladi) Everest tog‘ida (8848.86 m.) bo‘lish bilan taqqoslanadigan bosimni boshdan kechiradi.

Ilonlar oroli, Braziliya

Braziliya sohilidagi Keymada-Grandi oroli sayyoradagi eng xavfli joy sifatida tan olingan. Sababi uning “aholisi” dunyodagi eng zaharli botrops ilonlardan iborat. Orolda har kvadrat metrga 5 ta ilon to‘g‘ri keladi. Bir vaqtlar bu yerda mayoqqa xizmat qiluvchi odamlar yashagan, lekin ularning barchasi ilonlar hujumidan so‘ng vafot etgan. O‘shandan beri mayoq avtomatik rejimga o‘tkazildi va Braziliya rasmiylari sayyohlarga bu joyga borishni (hatto yaqinlashishni ham)taqiqlab qo‘ydi.

O‘lim vodiysi, Kamchatka, Rossiya

Kamchatkadagi mashhur geyzerlar yonida o‘lim vodiysi joylashgan. Hududdagi zaharli gazlar konsentratsiyasi ortishi sababli barcha tirik mavjudotlar katta xavf ostida qolib, o‘simliklar va hayvonlar nobud bo‘lmoqda, kelib qolgan odamda esa to‘satdan isitma, bosh aylanishi va titroq boshlanib o‘zini yomon his qila boshlaydi.

Bikini atolli, Marshal orollari

Bir qarashda bu orol ummon ortida tashlab qo‘yilgan jannatga o‘xshaydi. Qo‘shma Shtatlar barcha aholini evakuatsiya qilib, o‘z hududida yadro qurolini sinab ko‘rishni boshlagunga qadar Bikini marjonlar oroli shunday joy edi. Sinovlar nihoyasiga yetdi, biroq orol hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi: hududda radiatsiyaning anomal darajadagi ko‘pligi va saraton kasalligiga chalinish xavfi yuqori bo‘lgani sababli bu yerda uzoq vaqt qolish taqiqlangan.

Natron ko‘li, Tanzaniya

Bu sun’iy yo‘ldosh tushirgan boshqa sayyorada olingan surat emas, balki Tanzaniyadagi Natron ko‘lining manzarasi. Ko‘lda tuz va ishqor miqdori shunchalik yuqoriki, hatto uning yuzasiga tekkan barcha tirik mavjudot o‘ladi. Ma’lum sabablarga ko‘ra, bu ko‘lda suzish taqilangan va uning tubidan keladigan vodorod sulfidining o‘ziga hos hidi tufayli siz hatto qirg‘oqda turib uzoq vaqt uning chiroyidan zavqlana olmaysiz.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.