Dunyodagi eng yorqin shaharlar
Jazirama issiqdan charchadingizmi? Ta’tilga chiqish vaqti keldi, lekin uni qanday o‘tkazishni bilmay turibsizmi? Atrofingizdagi chang va quruqlik kayfiyatingizga ta’sir qilayotgandir. Bugun biz siz uchun dunyodagi eng rang-barang jiloli shaharlar ro‘yxatini tuzdik. Zero, ularga bir qarashning o‘zigina kishida tabassum uyg‘otib, ko‘nglini ko‘taradi.
Shefshauen
“Moviy shahar” Marokashning Rif tog‘larida joylashgan. Tosh yotqizilgan ko‘chalar, uylar orasidagi mayda yo‘lakchalar, eshik va derazalar, masjidlar va maydonlar – bularning barchasi kishini hayajonga soladi, negaki ular yorqin va ko‘zni qamashtiruvchi ko‘k rangga bo‘yalgan, ehtimol bu samo va jannat ramzidir yoki... chivinlarni qo‘rqituvchi rang bo‘lsa ajabmas.
Guanaxuato
Bu go‘zal tog‘li maskanni Meksikadagi eng go‘zal shahar deb atash mumkin. Tepaliklarda joylashgan bir vaqtlar kumush qazib olishning yirik markazida cherkovlar bilan kesishgan rang-barang barokko va neoklassik uslubdagi uylar juda chiroyli tarzda tepaga qarab qad ko‘tarib turadi. Bunga havas qilishga arziydigan manzarali yerosti tunnellar tarmog‘ini qo‘shing va hayotingizdagi eng yorqin va qiziqarli joylar kuzatuvchisiga aylanasiz.
Iya
Santorini oroli chetidagi vulqon og‘zi (krateri suv ostida qolib ketgan) atrofini qordek oppoq uylar, ko‘k gumbazli tomlar, shuningdek qizil rangli go‘zal qishloqlar o‘rab olgan. Och pushti rangli deraza va to‘siqlar – barchasi birgalikda hatto bulutli ob-havoda ham imkon qadar quvnoq va jozibali ko‘rinadi va Yunoniston bo‘ylab sayohat qiluvchi barcha sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi.
Keyptaun
Janubiy Afrikaning asosiy shaharlaridan biri nafaqat yaqin atrofdagi pingvinlar sayri, balki milliy bog‘larining bir-biriga yaqinligi va saqlanib qolingan mustamlaka hududlari bilan ham maqtana oladi. Ulardan biri bir vaqtlar golland mustamlakachilari tomonidan qurilgan Bo-Kaap maskanidir.
Bugungi kunda bu maskan eng go‘zal, yorqin va jonli go‘shalardan biridir.
Istanbul
Osiyo va Yevropa chegarasida joylashgan shubhasiz go‘zal shahar, shuningdek, yana bir nihoyatda ajoyib, bir vaqtlar yahudiy-yunonlar istiqomat qilgan Balat mintaqasi bilan faxrlanadi. Mintaqa YuNESKO tomonidan himoyalangan va rang-barang uylari tufayli shahardagi eng ko‘p suratga tushiriladigan joylardan biri bo‘lib qolmoqda.
Guatape
Kolumbiyaning eng jo‘shqin shahri o‘zining rang-barang jiloli uylari, bo‘yalgan eshiklari, deraza va to‘siqlari bilan mashhur. Turli xil mazmunga boy naqshlar, o‘simliklar va hayvonlar tasvirlangan uylar devorining pastki qismlarini bezab turgan rasmlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Buenos-Ayres
Argentina poytaxti bir vaqtning o‘zida barcha Ispaniya shaharlariga juda o‘xshaydi, shu bilan birga u boshqa hech bir narsaga o‘xshamaydi. Bu yerdagi qadimiy La-Boka tumani mahalliy aholisi uning ko‘chalarida tango raqsiga tushishadi, quvnoq musiqa tinglashadi, ko‘cha taomlarni iste’mol qilishadi. Bularning hammasini ular juda yorqin va ko‘p rangli pastqam uylar fonida bajarib, quvnoq hayot kechirishadi.
Siz ushbu shaharlardan qaysi birini ziyorat qilishni xohlagan bo‘lardingiz?
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.