Dunyodagi g‘ayrioddiy mehmonxonalar

Har bir mamlakatda sayyoh va mehmonlarning dam olishi mumkin bo‘lgan mehmonxonalari va mehmon-uylari mavjud. Sayohatchilarning mehmonxona tanlashida o‘z mezonlari bor – ba’zilar uchun arzon narx muhim bo‘lsa, kimdir diqqatga sazovor joylarning borligiga e’tibor qaratadi.

Bugungi maqolamiz originallik jihatidan oxirgi o‘rinda bo‘lmagan g‘ayrioddiy narsalar tanloviga qiziquvchanlar uchun. Ular bilan tanishgach, sizda zudlik bilan bu mehmonxonalardagi xonalarni "bron" qilib, u yerlarga joylashish istagi paydo bo‘lsa ajabmas.

Xuchjou, Xitoy

Ushbu ajoyib bino loyihasi MAD Architects kompaniyasi xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan. 27 qavat balandlikka ega taqa shaklida qurilgan bino Tayhu ko‘li yaqinidagi xushmanzara joyda joylashgan. Mehmonxonaning g‘ayrioddiy shakli cheksizlik va birlikning she’riy qiyofasini o‘zida mujassam etgan holda suv tevaragi bo‘ylab yoyilib joylashtirilgan.

O‘zining suvdagi aksi bilan bog‘lanadigan halqa, ayniqsa, kechasi nihoyatda syurrealistik ko‘rinadi...

Urumamba, Peru

Shaffof kapsulalar shaklida loyihalashtirilib, qoyalarga joylashtirilgan bu mehmonxona mojaro izlovchi sarguzasht ishqibozlari uchun qurilgan bo‘lsa, ajabmas. Qoyadagi uchta kabinalarning har birida 4 kishi uchun mo‘ljallangan yotoqxona, oshxona va yuvinish xonasi kabi qulayliklar yaratilgan. Quyosh panellari energiyasidan foydalanadigan ekstremallar koshonasi qo‘lbola tarzda alyuminiy va polikarbonatdan yasalgan.

Xarads, Shvetsiya

Shvetsiya shimolidagi o‘rmondagi daraxtlar orasida tabiat va yolg‘izlikni sevuvchilar uchun eko-mehmonxona joylashtirilgan. Ushbu mehmonxonaning 6 ta xonasining o‘ziga xosligi shundaki, ularning barchasi ajoyib shaklga ega va atrofdagi landshaft bilan uyg‘unlashgan. “Oynali kub” mukammal niqoblangan, unda o‘rmon aks etadi va uni payqab olish oson emas.

NUJ” – daraxtlar orasida tutilib qolgan o‘zga sayyoraliklar kemasi kishini ajablantiradi. “Qush ini” - ichki va tashqi qarama-qarshiliklarni o‘zida mujassam etgan tashqaridan ulkan qush uyasiga o‘xshaydi, ichkarisida esa 4 kishilik oila uchun qulay sharoitlar bor. Shu kabi derazalari Lule daryosiga qaragan “Kabina”, “Konus”, “Yog‘ochli sauna” xonalari mehmonga ajoyib atmosferadan bahramand bo‘lish imkonini beradi.

Toggenburg, Alp tog‘lari Shveysariya

Bu mehmonxonaning o‘ziga xosligi shundaki, uning mehmonlari... ko‘chada yashaydi. Uning arxitekturasi noodatiy fasadi, deraza yoki eshiklarni nazarda tutmaydi – ular oddiygina... yo‘q. Uchta “xonasi”ning har biri 2000 metr balandlikda, ochiq osmon ostida ikki kishilik karavot tarzida maftunkor Alp tabiati bilan o‘ralgan joyda o‘rnatilgan. Karavotlar lampalar bilan jihozlangan. “Xona”, shuningdek, nonushta, mashinalar to‘xtash joyi va eng muhimi, mehmonlarning tinchligiga xizmat qilish va hayvonlardan himoya qilish uchun mo‘ljallangan shaxsiy xizmatkor og‘a bilan ta’minlangan.

Harlingen, Niderlandiya
Kran 1957 yilda Harlingen port shahrida joylashtirilgan bo‘lib, uning ishlash muddati o‘tgan asrning 90-yillari oxirida tugadi va uni demontaj (qismlarga ajratish) qilmoqchi bo‘lgan kishilar ushbu konstruksiyani yangi yo‘nalishda sinab ko‘rishga qaror qilishdi.

 

Sobiq kran operatorining kabinasi va texnik xonalarida bemalol ikki kishi yashay oladigan peshayvonli mehmonxona xonasi hozirlandi. Besh qavatli bino balandligidagi bu noyob yagona –Havenkraan mehmonxonasidagi kran mexanizmi hali ham ishlaydi, shuning uchun kabinani 360 darajaga aylantirib, doimiy ravishda “derazadagi ko‘rinish”ni o‘zgartirib turish mumkin.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.