Dunyodagi mamlakatlarning pensiyaga chiqish yoshi yoki kim necha yoshda pensiyaga chiqadi?

Dunyo aholisi tez sur’atda qarib bormoqda. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyodagi har olti kishidan biri 65 yoshdan oshgan bo‘ladi. Ko‘pgina mamlakatlarda pensiyalar soliq yoki ijtimoiy chegirmalarga tortilmaydi. Boshqalarida esa daromad solig‘i chegirib tashlanadigan daromadga tenglashtirilgan. Pensiyadan tibbiy sug‘urta badallari yig‘adigan davlatlar ham yo‘q emas.

Avstriya

Avstriyada ayollar uchun pensiya yoshi 60, erkaklar uchun esa 65 yoshdir. Lekin 2024 yilning 1 yanvaridan boshlab ayollarning pensiya yoshi bosqichma-bosqich ko‘tarilib boradi va 2033 yilga kelib erkaklarning pensiya yoshiga tenglashtiriladi.

Belgiya
Ham erkaklar, ham ayollar uchun pensiya 65 yoshga to‘lgan oyning birinchi kunidan boshlanadi.
1958 yilgacha tug‘ilgan, 41 yil ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar 62 yoshida nafaqaxo‘r bo‘lish huquqiga ega. 1957 yilgacha tug‘ilgan fuqaro aviatsiyasi va dengiz floti a’zolari 55 yoshida, ochiq yoki yopiq shaxtalarda yoki chuqur konlarda qancha vaqt ishlaganiga qarab, 55-60 yoshida pensiyaga chiqishi mumkin.
Belgiyada 2025 yildan so‘ng pensiya yoshi 66, 2030 yildan 67 yoshgacha oshiriladi.

Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniyada pensiya 65 yoshdan boshlanadi. Davlat pensiyasi yoshiga yetganidan so‘ng, fuqaro ishlashni davom ettirishi mumkin va Angliya hukumati qonunchiligi nafaqa to‘lovlarini qisqartirmaydi. 2018-2022 yillarda pensiya yoshi 66 qilib belgilandi, 2026-2028 yillarda 67 yoshga, keyingisi 2044-2046 yillarga mo‘ljallanib, 68 yoshga oshirish rejalashtirilgan.

Germaniya

1947 yilgacha tug‘ilganlar 65 yoshida nafaqaga chiqadi. 1947-1958 yillarda tug‘ilgan shaxslarning har bir yiliga bir oy qo‘shilib, 66 yoshida nafaqa olish huquqiga ega bo‘ladi.
1659-1963 yillarda tug‘ilgan shaxslar uchun pensiya yoshi har bir yili uchun ikki oy qo‘shish orqali belgilanadi. Shu tariqa pensiya yoshi asta-sekin oshib borib, 1964 yildan keyin tug‘ilgan har bir kishi faqat 67 yoshida pensioner bo‘la oladi.

Isroil
Mamlakatda erkaklar uchun 67, ayollar uchun 62 pensiya yoshi belgilangan.

Ispaniya
Erkaklar va ayollar uchun pensiya yoshi bir xil – 65 yoshu 6 oy qilib belgilangan. Mabodo Ispaniya fuqarosi Seguridad Social ijtimoiy sug‘urta tizimiga 36 yil va olti oydan ortiq hissa qo‘shib kelgan bo‘lsa, u 65 yoshida nafaqaxo‘r bo‘lishi mumkin. 2027 yilga borib Ispaniyada pensiya 67 yoshdan boshlanadi.

Italiya
Barcha uchun pensiya yoshi 66 yoshu 7 oy. Italiyada nafaqaga chiqish uchun kamida 20 yil davomida sug‘urta badallari to‘langan bo‘lishi kerak. Agar ayol xodim 41 yil 10 oy, erkak xodim esa 42 yil 10 oy ish stajiga ega bo‘lsa, erta pensiyaga chiqishi mumkin.

Kanada

Kanadada pensiya yoshi 65 yosh. 60 yoshida minimal pensiyaga chiquvchilarning to‘lovi 36 foizga kamayadi, 65 yoshda nafaqaga chiqqan shaxslar 70 yoshigacha ishlasa, 42 foizgacha ko‘paytirilgan koeffitsent bilan pensiya oladi.

Xitoy
Erkaklar 60, ayollar 55 yoshida, jismoniy mehnat bilan shug‘ullanadigan ayollar 50 yoshda pensiyaga chiqish huquqiga ega. Islohotlar rejasiga ko‘ra 2018 yildan keyin ayollarning pensiya yoshi har uch yilda bir yilga, erkaklar uchun esa har olti yilda bir yilga oshirildi.

AQSh
Amerika Qo‘shma Shtatlarining 1935 yildagi «Ijtimoiy ta’minot to‘g‘risida»gi qonuniga binoan, to‘liq nafaqa olish uchun eng kam yosh 65 yoshni tashkil etardi. 1983 yildi pensiya yoshini 67 yoshga ko‘tarish bo‘yicha tuzatishlar qabul qilindi.

Yaponiya

Yaponiyaning pensiya qonunchiligiga ko‘ra, inson 60 yoshdan 70 yoshgacha nafaqaga chiqishi mumkin. Bundan tashqari, agar u 65 yoshidan keyin pensiyaga chiqishga qaror qilsa, uning oylik pensiya to‘lovlari oshiriladi. 2018 yilda Yaponiya hukumati pensiya yoshini 71 va undan yuqori darajada ko‘tarish rejasini ma’qulladi va 2020 yilda tegishli qonunlarni o‘zgartirish ko‘rib chiqildi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.