Dunyodagi odamlar yashashni o‘ziga ep ko‘rayotgan g‘alati va g‘ayrioddiy joylar
Ba’zi odamlar atrof-muhit bilan uyg‘unlashib yashashga, hatto uning ajralmas qismiga aylanishga intilishadi. Boshqalari esa o‘z uyini qurib, uni mustahkam qal’aga aylantiradi. Odamlar yashashni o‘ziga ep ko‘rayotgan shunday joylar borki, ular qoyada, suvda yoki g‘orda joylashgan va ba’zilarining yoshi bir necha yuz va hatto minglab yillarga yetadi. Bugun ushbu joylar haqida so‘z yuritamiz.
XanShan osma ibodatxonasi – Xitoy
Bu ibodatxona to‘g‘ridan-to‘g‘ri sezilarli balandlikdagi qoyada joylashgan: u qisman qoyadan chiqib ketib, jarlik ustida osilib turadi, uni toshga parmalangan langarcho‘blar ushlab turadi. Chan Chji provinsiyasida joylashgan butxona eramiznnig 386-534 yillar o‘rtasida bir rohib tomonidan qurilgan. Unda bir-biriga chalkash tartiblikda bog‘langan 40 ta xonalar bor, shu sabab bu yerga kelgan odam osongina adashib qolishi tayin.
Roussano monastiri, Gretsiya
Markaziy Yunonistonning markazida joylashgan Roussano monastiri 1545 yildagi urushlar va qo‘zg‘olonlardan xavfsiz joy izlagan bir guruh rohiblar tomonidan qurilgan. U dengiz sathidan 313 metr balandlikdagi qoya tepasida joylashgan. Rohiblar tosh ustida o‘z uylarini qurib, o‘zlarini har xil hujumlardan himoya qilamiz deb o‘ylashgan. Chindan ham shu davrgacha hech kim bu monastirga bostirib kirmagan.
Setenil de-las-Bodegas, Ispaniya
Bu yerda odamlar 25 000 yildan ortiq vaqt davomida yashab kelishadi. G‘orlar tarmog‘i ichida qurilgan shahardagi sodir bo‘lgan o‘zgarish shunchalik ajoyibki, g‘orlardagi nam va qorong‘u yerto‘lalar zaytun daraxtlari, uzumzorlar va tabiiy suv havzalari bo‘lgan bog‘larga aylandi.
Kasa do Penedo, Portugaliya
Bu tosh uy Portugaliyaning shimolida joylashgan bo‘lib, Flinstounlar (qadimgi odamlar to‘g‘risidagi multfilmdan) uyiga o‘xshaydi, aslida esa uy tosh asrida emas, 1972 yilda to‘rtta katta toshdan yasalgan.
Ponte Vekko, Italiya
13-asrdan beri odamlar yashab kelayotgan Ponte Vekko aslida ko‘prik! Uning qachon qurilgani va dizayni kim tomonidan yaratilganini hech kim bilmaydi. Afsonalar bu yerga kelgan savdogarlar o‘z mollarini sotish uchun ko‘prik tomon ko‘cha boshlaganini, shuning uchun ularning yaqin atrofda yashashlari uchun kichik kvartiralar qurilganligi to‘g‘risida so‘zlaydi. Ushbu ko‘prik ko‘plab suv toshqinlariga dosh berdi va bugungi kungacha qandaydir aql bovar qilmaydigan tarzda mustahkam turipti.
Sielend, Angliya
Angliya qirg‘oqlaridan 6 mil uzoqlikda joylashgan va 1956 yilda tashlab ketilgan bu eski harbiy o‘tish joyi tez orada yangi ko‘chmanchilariga ega bo‘ldi. Bir kishi bu yerda radiostansiya ochishga qaror qildi. Ikki yillik faoliyatidan so‘ng ishi noqonuniy deb topildi. Biroq janob Beyts taslim bo‘lmadi: bu joy unga shu qadar yoqqib qoldiki, u shu yerda mustahkam o‘rnashib oldi, “o‘z uyi”ni o‘zining yangi mamlakati deb atadi va o‘z bayrog‘i, madhiyasi, valyutasi va pasportini ishlab chiqdi. Afsuski, Britaniya hukumati bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatlamadi va yangi tayinlangan prezident bilan muzokara yuritishga harakat qildi, natija bo‘lmagach, minora xalqaro suvlarda joylashgani bahonasida uni tinch qo‘yishdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.