Dunyolar tutashgan joyda yoxud Afg‘onistonning tarixi, buguni, kelajagi haqida mulohaza

#Siyosiy_sharh

Afg‘onistondagi keyingi voqealar yana dunyo afkor ommasi diqqatini o‘ziga tortyapti. Nega desangiz, u yerdagi 50 yillik nizo va mojarolar qaytadan tobora kuchli alanga oldi. Hali sho‘ro armiyasi bosqini davridayoq, o‘tgan asrning 80-yillarida AQSh ko‘magida shakllantirilgan tolibon XXI asrning 21-yilida amerikaliklarning o‘zini mamlakatdan quvib chiqardi. Nima, bu tarixning achchiq hazilimi?

Biz ushbu maqolada Afg‘onistondagi so‘nggi voqealarni tahlil nazaridan o‘tkazishga harakat qildik.

 

Inqiloblar o‘lkasi

Uzoq vaqt Buyuk Britaniya va Rossiya imperiyalari orasida tortishuvlarga sabab bo‘lib kelgan bu o‘lka 1919 yil 19 avgustda, nihoyat, Omonullaxon boshchiligida Afg‘oniston amirligi nomi bilan o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Yangi paydo bo‘lgan mamlakatni sho‘ro Rossiyasi birinchilardan bo‘lib tan oldi. 1929 yilda amirlik tuzumi bekor qilinib, Muhammad Nodirshoh tomonidan Afg‘oniston podsholigi barpo etildi. Nodirshoh vafotidan so‘ng, o‘g‘li Muhammad Zohirshoh taxtga o‘tirdi. U 1973 yilda amakivachchasi Muhammad Dovud tomonidan taxtdan tushirildi. O‘sha yili Afg‘onistonda davlat to‘ntarishi sodir etilib, mamlakat respublika deb e’lon qilindi. Ichki ziddiyatlar va qabilalararo nizolarni hisobga olmaganda, ingliz mustamlakalari bilan Eron, SSSR hamda Xitoy o‘rtasida bufer hudud sifatida Afg‘onistonda o‘tgan asrning 70-yillarigacha nisbatan barqarorlik ustuvor edi. Shu davrga kelib mamlakatda ijtimoiy-siyosiy beqarorlik yuzaga kela boshladi. Chunki Afg‘onistonning dunyo taraqqiyotidan, hatto tevarak atrofdagi mamlakatlardan har jihatdan orqada qolib ketayotganligi mamlakat siyosiy elitasi va ziyolilarini chuqur tashvishlantirmoqda edi. Garchand prezident Muhammad Dovud hukmronlik davrida mamlakatni modernizatsiya qilish va islohotlar o‘tkazish borasida birmuncha tadbirlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, oxir-oqibat ushbu urinishlar qoloqlik natijasida kutilgan samaralarni bermadi va mamlakat chuqur iqtisodiy, alaloqibat, siyosiy ziddiyatlar iskanjasiga tushib qoldi. 

  1978 yil aprel oyida mamlakatda inqilob boshlandi. Prezident Muhammad Dovud oilasi bilan birga qatl etilib, hokimiyat kommunistik yo‘nalishdagi Afg‘oniston xalq demokratik partiyasi qo‘liga o‘tdi. Hokimiyat tepasiga Nur Muhammad Tarakiy (Taraqqiy) keldi. Inqilob kengashi raisi etib Hafizullo Amin tayinlandi. Hukumat sho‘ro tutumi asosidagi radikal islohotlarni amalga oshira borib, oqibatda afg‘on jamiyatida katta norozigarchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Natijada mamlakatda fuqarolik urushi boshlanib ketdi. Bunday boshboshdoqlikdan foydalangan Hafizullo Amin raqibi Nur Muhammad Tarakiyni yashirincha qatl etib hokimiyat tepasiga chiqdi. Voqealarning bunday teskari tus olishidan tashvishga tushgan sobiq kommunistik SSSR rahbarlari go‘yo amerikaparast aksilinqilobiy Amin hokimiyatini bartaraf etish bahonasi bilan Afg‘onistonga Sovet Armiyasi cheklangan qo‘shinlar kontingentini kiritishdi. 1979 yil 29 dekabrda sho‘ro harbiylari tomonidan prezident saroyi ishg‘ol etilib, Hafizullo Amin o‘ldirildi va hokimiyat tepasiga Moskva tomonidan tayyorlangan Babrak Karmal chiqarildi.

Afg‘onistonda amalga oshirilgan “Aprel inqilobi” haqida gap ketar ekan, o‘zim guvoh bo‘lgan bir holat yodimga tushadi. 1979 yoki 1980 yillar edi. Toshkentda o‘qiyotgan Sarafroz ismli afg‘on yigiti bilan tanishib qoldim. O‘qish joyimiz yaqin bo‘lganligi bois tez-tez ko‘rishib, suhbatlashib turardik. Bir gal u yap-yangi kostyum-shim kiyib keldi. Men unga “muborak shavad” deb libosini maqtagan bo‘ldim. Sarafroz bunaqa arzon kiyimlarni Afg‘onistonda xizmatkorlar kiyishini aytganida hayron qoldim. Bundan ham ko‘ra men uning dimog‘i balandligidan hayratlandim. Yana bir kuni uni «Chorsu» bozorida o‘sha davrda yigitlar o‘rtasida moda bo‘lgan “Fekon” ko‘ylagini sotib turganida ko‘rib qoldim. Keyin bilsam u jinsi shim va ko‘ylaklarni Afg‘onistondan olib kelib, qimmatiga sotar ekan. Shundan bildimki, Sarafrozni bilim olishdan ko‘ra ko‘proq pul ishlash qiziqtirarkan. Shu voqea bois, o‘sha paytdayoq menda Afg‘onistonda sodir bo‘lgan inqilobga nisbatan shubha paydo bo‘ldi. Yoshlarni bilim olib, hunar o‘rganib, inqilobni himoya qilish bu yoqda qolib, pul topishga kirishib ketganlari yaxshi alomat emasdi. Axir, hukumat ularni yetuk mutaxassis bo‘lib vatanga qaytishlarini ko‘zlab chet ellarga o‘qishga jo‘natgan edi-da. Shu ma’noda, tolibon ziyofat uyushtirgan marshal Do‘stumning muhtasham saroyini ko‘rib, bunday dabdabaga pul sarflagandan ko‘ra xalqini himoya qilishga tayyorlansa bo‘lmasmidi, degan o‘y kechadi kishi ko‘nglida.

Bundan keyingi voqealar hammamizga ma’lum. Kommunistik g‘oyalarning inqirozi afg‘on jamiyatida ham o‘z aks-sadosini berdi. Markscha-lenincha kayfiyatdagi elita o‘z o‘rnini nisbatan mo‘’tadil yo‘nalishdagi siyosiy kuchlarga bo‘shatib berdi. 1986 yil 4 may kuni bo‘lib o‘tgan partiya plenumida Babrak Karmal sog‘ligi yomonlashgani bahona qilinib vazifasidan ozod etildi. 1 oktyabrdan boshlab Muhammad Najibullo inqilob kengashining yangi raisi bo‘ldi. 30 noyabrda Afg‘oniston parlamenti uni mamlakat prezidentligiga sayladi. 1989 yil sovet qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan keyin ham uch yil davomida Najibullo lavozimini saqlab turdi. Sho‘ro armiyasining Afg‘onistondan olib chiqilishi mamlakatga tinchlik keltirmadi. Aksincha, beqarorlik yana-da kuchaydi va u yerdagi turli millatlarga mansub siyosiy kuchlar bir-birlari bilan ziddiyatga kirishdi. Afg‘onistonning katta qismini egallab olgan toliblar 1996 yilda Najibulloni qatl etishdi va shu bilan mamlakatda prezident boshqaruviga barham berildi.

Endi nima bo‘ladi?

2001 yil AQShda mash’um terrorchilik harakati sodir etilgach, uning tashabbuskori Usoma ben Ladin tolibon qo‘lostidagi Afg‘onistonga qochib yashirindi. Bu esa Amerika boshchiligidagi koalitsiya kuchlarini tolibonga qarshi otlantirdi. Tolibonning Afg‘onistondagi hukmronligiga barham berilib, u yerda teokratik yo‘nalishdagi Islom Respublikasi barpo etildi va AQSh hamda boshqa Yevropa davlatlari ko‘magi bilan shu yilning 15 avgustigacha faoliyat ko‘rsatdi. Tolibon harakati oldindan imzolangan kelishuvlarga qaramasdan, qisqa muddat ichida mamlakatning deyarli barcha hududlarini o‘z nazoratiga oldi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Nega Amerikadek qudratli davlat ortida turgan bo‘lsa-da respublika quladi?

Bizning fikrimizcha, keyingi 20 yillik davr ichida u yerda to‘liq davlatchilik shakllanmadi. Xorijdan berilgan yordam va mablag‘lar talon-toroj qilinib, o‘rinli foydalanilmadi. Sanoat u yoqda tursin, agrar sohada ham rivojlanish bo‘lmadi. Mamlakat narkotik ekinlarning katta  plantatsiyasiga aylandi. Eng asosiysi: afg‘onistonliklarda zamonaviy dunyoviy demokratik davlat qurishga ishtiyoq, bilim va salohiyat yetishmadi.

Mamlakatda hokimiyat tepasiga tolibon kelgach, endi oqibati nima bo‘lishi, tabiiyki, ko‘pchilikni qiziqtiradi. Bunda bir necha variantlarni ko‘rish mumkin. Birinchisi, Afg‘oniston tashqi dunyodan ihotalanib, yana o‘rta asrlardagi bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy munosabatlarga qaytadi. Axborot almashinuvi nihoyatda kuchaygan bugungi globallashuv davr e’tiborga olinsa, buning sira iloji yo‘q. Ikkinchisi, tolibon an’anaviy tutumlarining bir qismidan voz kechib, dunyo hamjamiyati bilan murosaga kirishib faoliyat ko‘rsatsa, yana bir muncha muddat davru davron surishi mumkin. Chunki davlat hokimiyatini egallashdan ko‘ra uni boshqarish mushkulroq ish. Bu borada bolsheviklarning achchiq tarixiy tajribasini eslasak, masala oydinlashadi. Shu ma’noda, har qanday mafkurada bo‘lganidek diniy ideologiyada ham turg‘unlik oxir-oqibat halokat bilan yakunlanadi. Chunki din bu poklik degani. Ayniqsa, islom dini dunyodagi eng toza, eng mukammal din ekanligiga hech qanday shubha-gumon yo‘q. Siyosat esa o‘tgan asrda yashagan bir siyosiy arbobning iborasi bilan aytganda – iflos ish. Poklik bilan ifloslik hech qachon qovushmagan. Shu bois ham payg‘ambarimiz Muhammad (S.A.V.) garchand, sarvarlik maqomotida bo‘lsalar ham o‘zlarini podshoh deb e’lon qilmaganlar. Keyingi davrlarda ham diniy rahnamolar hukmdorlarning davlat ishlariga aralashmasdan, o‘zlarini siyosiy faoliyatdan chetda tutib turishgan. Qisqasi, dunyoviy ishlarni diniy aqidalar bilan aralashtirish umuman durust emas. Aksincha, har qanday davlat diniy qadriyatlarga tayanilib, iymon-e’tiqod bilan boshqarilsa, bu mutlaqo boshqa mazmun kasb etadi.

Gazetxonlarimizni Afg‘onistonda tolibonning hokimiyat tepasiga kelishi yon-atrofdagi qo‘shni mamlakatlarga qanday ta’sir ko‘rsatadi, degan savol qiziqtirishi tabiiy.

Bunda ham ikki holat kuzatiladi. Agar toliblar o‘zlari va’da qilishayotganidek, faqat Afg‘oniston hududi bilan cheklanib, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va o‘z g‘oyalarini tevarak-atrofga yoymaslik tutumidan chetga chiqishmasa, ularning qo‘shnilar uchun hech qanday xavotirli joyi yo‘q. Mabodo, Al-qoida yoki IShIDchilarga o‘xshab xalqaro doiraga chiqishsa, bundan hech qanday yaxshilik kelib chiqmaydi. Har holda, ular xalqaro terrorchilik tashkilotlarning xatosini takrorlamasligiga umid qilib qolamiz.

 Xudoyberdi  KOMILOV,

“Zarafshon”ning siyosiy sharhlovchisi.