Dunyoni o‘zgartirgan usul
Yegulikni tunuka bankada uzoq muddat saqlash usuli kashf etilganiga 200 yil bo‘ldi.
XVIII asr oxiriga kelib bu muammo bilan imperator Napoleon Bonapart jiddiy shug‘ullandi. 1795 yilda Parijda u oshpazlar o‘rtasida taomni qanday qilib uzoq saqlash bo‘yicha tanlov e’lon qildi. G‘olibga sovrin sifatida aqlbovar qilmas miqdorda – 12 ming frank va’da qilingandi. Tanlovda Nikolya – Fransua Apper degan qandolatchi g‘olib chiqdi va uni hozirda bemalol konservalash asoschisi, deb atash mumkin.
1973 yilda Taymir yarim orolida sayohatchi Eduard Tollyaning “xazina”si topildi. U o‘limidan ikki yil oldin (1902 yilda halok bo‘lgan) qora kunga asqotar, degan fikr bilan oziq-ovqat to‘la xaltani ko‘mib ketgandi. Xaltada qattiq non va krupa bilan birga konservalangani ham aniqlandi.
O‘tmishdan qolgan bu yeguliklarni tadqiq qiluvchilar tekshirishda davom etmoqda. Olimlar har 12 yilda bitta bankani ochib, konservani tatib ko‘rishadi va o‘z xulosalarini bayon qilishadi. Hayratlisi shundaki, Tollyaning konservalari oradan 120 yil o‘tib ham buzilmabdi. Ularni nafaqat yesa bo‘ladi, balki mazasi yanada shirin bo‘lgan. Uni tatib ko‘rganlar so‘ziga ishoniladigan bo‘lsa, “og‘izda shokoladday erib ketadi”.
Arximed shinaklari
Qadimgi qal’alarni suratlarda, filmlarda ko‘rgansiz. Qal’a devorlari ustida pisinib yovni o‘qqa tutish uchun maxsus shinaklar – tuynuklar qurilgan. Ammo ularning qadimgi grek olimi va muhandisi Arximed o‘ylab topib, harbiy ishlar faniga kiritganini ko‘pchilik bilmaydi.
Ungacha shahar, qal’ani himoya qiluvchilar ochiq devor ustida turib, yovga qarshilik qilishgan va osongina yov o‘qiga nishon bo‘lgan. Arximed devor ustida odam bo‘yi keladigan shinak – tuynuklar qurish ancha xatarsiz ekanini sezgan. Ular orqasida yashirinib turib, tepadan dushmanga zarba berish juda qulaylik tug‘dirgan.
Harbiy sohadagi bu kashfiyot Arximed tug‘ilgan va yashagan Sitsiliya orolida rimliklarning Sirakuzaga hujumi paytida muvaffaqiyatli qo‘llanilgan va “Arximed shinaklari” degan nom olgan.
T.Shomurodov tayyorladi.