Dunyoni oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun zarur mavjudot nima ekani ma’lum qilindi

Yomg‘ir qurtlari (chuvalchang) dunyoni oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun muhim mavjudotlar deb tan olindi. Gap shundaki, jahonda yiliga 6,5 foizgacha g‘alla hosili, 2,3 foiz dukkakli ekinlar hosili aynan chuvalchanglarning ko‘payishiga bog‘liq.

Kolorado shtati universiteti olimlari yomg‘ir chuvalchanglari yiliga 140 million tonnagacha oziq-ovqat ishlab chiqarishga bog‘liqligini aniqlashdi. Bunda bug‘doy, makkajo‘xori, guruch, arpa, jo‘xori va boshqa donlar hosili ko‘zda tutilgan.

Chuvalchang janubiy hududlarda ekinlarga eng katta ta’sir ko‘rsatadi, chunki bu hududlarda fermerlar ko‘pincha pestitsid va o‘g‘itlarni sotib olmaydi va tabiiy jarayonlarga tayanadi. Chuvalchang janubiy Afrikada 10 foizgacha, Lotin Amerikasi va Karib havzasida esa 8 foizgacha hosildorlikka ta’sir qiladi.

Yomg‘ir chuvalchanglari tuproq tarkibini o‘zgartirib, sog‘lom tuproq yaratib, ozuqa moddalari va ekinlarni namgarchilik bilan ta’minlaydi. Olimlarning ta’kidlashicha, barcha ekinlar hisobga olinsa, ular umumiy hosilni 25 foizgacha oshiradi.

Ilgari Arktikada chuvalchang paydo bo‘lishi global iqlim uchun xavf sifatida ko‘rilgan. Muammo shundaki, ular Arktika va subarktika zonalarida ekotizimning tabiiy muvozanatini buzishga, mahalliy noyob florani asta-sekin siqib chiqarishga qodir.

G.XOLDOROVA tayyorladi.