Dunyoning g‘alati odamlari
Ha, ular g‘alati odamlar. Shunday narsalarni o‘ylab topishadiki, hayratdan yoqa ushlaysiz.
Masalan, xitoylik Yu.Szinsya 2016 yilda jahonda kiprigi eng uzun ayol sifatida dong qozongandi. O‘shanda uning kiprigi 12 santimetr edi. Mana, 5 yil o‘tib, yana 8 santimetrga o‘sib 17 santimetrga yetdi. Vrachlar o‘sha hodisaning tagiga yetolmay boshlari qotgan. Xonimning o‘zi esa bu unga «Buddaning in’omi» ekanligini ta’kidlaydi. Yu.Szinsya yumush bilan shug‘ullanganida uzun kipriklar xalaqit bermasligi uchun uni qulog‘i ortiga o‘rab qo‘yadi.
Dunyoda eng sochi uzun ayol ham xitoylik. Se Syupin uni 13 yoshligidan o‘stirib keladi. U 45 yoshga kirganida sochi 5 metr 63 santimetrga yetgan.
O‘smirlar o‘rtasida sochi eng uzun hindistonlik Nilanish Patel. 2018 yilda – 16 yoshida o‘lchab ko‘rilganda sochi 1,7 metr chiqdi. Uning sochi har yili 15 santimetr o‘sadi. Agar o‘sish shu tarzda davom etsa, 2045 yilga borib u xitoylik ayol rekordidan o‘zadi.
Endi hind Raxakant Bajpayning qilig‘ini qarang. U 40 yoshida quloqlaridagi junni oz emas, ko‘p emas, 25 santimetr o‘stirgan. Quloqlaridagi junni u baxt va omad ramzi deb biladi. Ular menga jahoniy shuhrat keltirdi, deydi u faxr bilan.
Yana bir hind Ram Singx Chauxan mo‘ylovi dunyoda eng uzun – 4,2 santimetr ekanligi bilan dong taratgan.
G‘alati qiliqlar, to‘g‘rimi? Eng uzun soqolni amerikalik Gans Langeyet o‘stirgan. U XX boshlarida bu borada rekordchi hisoblangan. 81 yoshida vafot etganida soqoli 5,33 metr bo‘lgan. Bu rekordni hozirgacha biror kishi yangilay olgani yo‘q. Soqol noyob eksponat sifatida Vashingtondagi milliy tabiat muzeyidan joy olgan.
Amerikalik Jo Grizamor dunyoda eng uzun nayza soch o‘stirgan. 2019 yilda tepaga qarab o‘sgan bu tikanak soch uzunligi 1,07 metrga yetgan. Muvaffaqiyatini mustahkamlash uchun u bor mahoratini soch parvarishiga qaratib, uzunligini 1,25 metrga yetkazganini eshitgan kishi hayratdan yoqa ushlashi tayin.
T.Shomurodov tayyorladi.