DXX rahbari ishtirokidagi uchrashuvda urgutlik yoshlarning muammolariga yechim topildi
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedovning navbatdagi “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi Urgut tumanida o‘tkazildi.
Viloyat sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda dastlab boshqarma boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni bo‘yicha 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendum va uning mohiyati hamda Prezidentimiz raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan yoshlarga sifatli ta’lim berish, kasb-hunarga o‘qitish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va bandligini ta’minlash masalalari haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda urgutlik yigit-qizlar asosan tadbirkorlik, ishga joylashish, bankdan kredit olish, sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratish, kitobxonlik va kompyuter savodxonligi masalalari bo‘yicha murojaat qilishdi va har bir muammo, masalani ijobiy hal etish chora-tadbirlari belgilanib, mas’ullar biriktirildi.
Jumladan, Ispanza mahallasida yashovchi Foziljon Tillayev IT bo‘yicha o‘quv markazini kengaytirishni so‘radi va unga 50 million so‘m imtiyozli kredit ajratiladigan bo‘ldi. Qorabuloqlik Vohidjon Ergashev esa oilaviy bog‘chasining faoliyatiga ruxsat so‘rab murojaat qildi. Bu masala bo‘yicha mutasaddilarga masalani joyiga borib o‘rganish topshirildi.
Uchrashuv davomida tashabbuskor yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.